Gulistonlik pedagog 813 soatlik dars jadvalini 8 soniyada tuzadigan dastur yaratdi

Gulistonlik pedagog 813 soatlik dars jadvalini 8 soniyada tuzadigan dastur yaratdi

Guliston shahridagi 1-sonli maktab-internat direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Avazbek Jalilov dars jadvalini avtomatik shakllantiruvchi “Adolatli jadval” dasturini yaratdi. Loyiha “Xalqaro STEAM assambleyasi — 2026” doirasida “Matematika — eng yaxshi matematik va analitik yechim” nominatsiyasida g‘olib deb topildi.

10-noyabr kuni Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi hamda Alfraganus universiteti hamkorligida “Xalqaro STEAM assambleyasi — 2026” tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda ilm-fan, texnologiya, muhandislik, san’at va matematika yo‘nalishlarida yaratilgan innovatsion loyihalar namoyish etildi hamda eng yaxshi loyihalar mualliflari taqdirlandi.

Taqdirlanganlar orasida Guliston shahridagi 1-son ixtisoslashtirilgan maktab-internat direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Avazbek Jalilov ham bor. Uning “Adolatli jadval” loyihasi “Matematika — eng yaxshi matematik va analitik yechim” nominatsiyasida g‘olib deb topildi.

Dastur maktablarda dars jadvalini tuzish jarayonini avtomatlashtirishga mo‘ljallangan. Unda o‘qituvchilarning ish vaqti, mavjud cheklovlar hamda o‘quvchilarning dars yuklamasi hisobga olinadi.

Shuningdek, dastur darslarning bir vaqtga to‘g‘ri kelib qolishining oldini oladi va murakkab fanlarni kun davomida maqbul taqsimlash imkonini beradi.

Loyiha taqdimotida dastur yordamida 43 ta sinf va 76 ta guruh uchun jami 813 soatlik dars jadvali atigi 8 soniyada shakllantirilgani namoyish etildi.

Kelgusida o‘qituvchi vaqtincha ishga chiqa olmagan holatlarda uning darslariga boshqa pedagoglarni avtomatik taklif qilish funksiyasini ham joriy etish rejalashtirilgan. Loyiha maktab ma’muriyatining dars jadvalini tuzishga sarflaydigan vaqtini qisqartirish va o‘quv jarayonini samarali tashkil etishga xizmat qilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq umumta’lim maktablarida dars soatlarini taqsimlashning besh bosqichli yangi mexanizmini joriy etish taklif qilinayotgani haqida xabar bergan edik. Unda dars soatlarini avtomatik taqsimlash, natijalarni elektron tasdiqlash hamda pedagoglarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tartiblari nazarda tutilgan.