Maktablarda dars soatlarini taqsimlash va direktor jamg‘armasidan ustama berish tartibi o‘zgaradi

Maktablarda dars soatlarini taqsimlash va direktor jamg‘armasidan ustama berish tartibi o‘zgaradi

Umumta’lim maktablarida dars soatlarini taqsimlashning besh bosqichli yangi mexanizmini joriy etish taklif qilinmoqda. Unda avtomatik taqsimot, elektron tasdiqlash va murojaatlarni ko‘rib chiqish tartiblari nazarda tutilgan.

 

Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy institutida umumta’lim maktablari rahbarlari va pedagoglari ishtirokida so‘rovnoma o‘tkazildi. Unda institutda malaka oshirayotgan maktab rahbarlari va pedagoglarning fikr-mulohazalari o‘rganildi.

 

So‘rovnomada dars soatlarini taqsimlash va direktor jamg‘armasi faoliyatiga oid amaldagi tartiblarni takomillashtirish, jarayonlarni raqamlashtirish, shaffoflik va xolislikni ta’minlash hamda korrupsiyaviy xavflarning oldini olish masalalariga e’tibor qaratildi.

 

Dars soatlarini taqsimlash 5 bosqichda amalga oshirilishi taklif etilmoqda:

 

  • fanlar, sinflar va ta’lim yo‘nalishlari kesimida mavjud dars soatlarini aniqlash;
  • pedagoglarning diplom, sertifikat, malaka toifasi va boshqa tegishli hujjatlarini hisobga olish;
  • belgilangan ustuvorliklar va teng mezonlar asosida dars soatlarini avtomatik taqsimlash;
  • taqsimot natijalarini pedagogik kengashda ko‘rib chiqish va elektron shaklda tasdiqlash;
  • pedagoglarning murojaatlarini o‘rganish, o‘zgarishlar hamda nazorat tadbirlarini amalga oshirish.

 

Taqdimotda nizomga kiritilishi mumkin bo‘lgan boshqa takliflar ham aks etgan. Jumladan, avtomatik taqsimotda pedagogning bir yoki bir nechta mezon bo‘yicha ustuvor huquqini belgilash, qayta taqsimlash uchun aniq asos va muddatlarni joriy etish, elektron ro‘yxat shakllantirish nazarda tutilgan.

 

Shuningdek, taqsimotga asos bo‘lgan ma’lumotlarni pedagogik kengash majlisida ochiq muhokama qilish, minimal yuklama me’yorlarini qayta ko‘rib chiqish va 1,5 stavkagacha bo‘lgan cheklovni saqlash masalalari ilgari surilgan.

 

Taklif etilayotgan mexanizm samaradorligini baholash uchun avtomatik taqsimot ulushi, qayta taqsimlashlar soni va sabablari, asosli o‘zgarishlar bo‘yicha signal holatlari, pedagoglar e’tirozlari va ularni hal etish darajasi, shuningdek, taqsimotdan qoniqish darajasi kabi mezonlardan foydalanish ko‘zda tutilgan.

 

Ishtirokchilar amaldagi “Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi nizomdagi tartibni soddalashtirish, adolatli va shaffof elektron mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.