HEMIS’da katta yangilanish: talabalar va o‘qituvchilar uchun qanday imkoniyatlar paydo bo‘ldi?

HEMIS’da katta yangilanish: talabalar va o‘qituvchilar uchun qanday imkoniyatlar paydo bo‘ldi?

HEMIS tizimining yangi 1.9.86-versiyasida ERI orqali kirish, qabul kvotalarini elektron rasmiylashtirish va talabalar statistikasini shakllantirish kabi yangi imkoniyatlar qo‘shildi.

 

HEMIS axborot tizimining navbatdagi versiyasi — 1.9.86 oliy ta’lim muassasalariga taqdim etildi. Yangi versiyada o‘quv jarayonini boshqarish va ma’lumotlar bilan ishlashni qulaylashtirishga qaratilgan bir qator funksiyalar ishga tushirildi.

 

Jumladan, tizimning avtorizatsiya moduli takomillashtirilib, unga elektron raqamli imzo (ERI) kaliti orqali kirish imkoniyati yaratildi.

 

Shuningdek, davlat oliy ta’lim muassasalari yangi o‘quv yili uchun qabul kvotalarini elektron imzo bilan rasmiylashtirib, HEMIS tizimi orqali taqdim etishi mumkin. Buning uchun “Talabalar” bo‘limidagi “Kvota hujjati” funksiyasi qo‘shilgan.

 

Yangi versiyada talabalar kontingenti bo‘yicha statistika olish imkoniyati ham kengaytirildi. Endilikda talabalar sonini ta’lim yo‘nalishlari, kurslar, ta’lim tillari va grantlar kesimida ko‘rish mumkin.

 

Bundan tashqari, joriy va oldingi o‘quv yillarida professor-o‘qituvchilarning yillik o‘quv yuklamasini kuzatib borish funksiyasi joriy etildi. Dars va nazorat jadvallarini esa Excel fayli shaklida yuklab olish imkoniyati yaratildi.

 

Fan bo‘yicha apellyatsiya jarayoni ham nizom talablariga muvofiq yangilandi. Endilikda arizalar talabaning shaxsiy murojaati asosida ko‘rib chiqiladi.

 

Shuningdek, imtiyozli grantlar ro‘yxatidan talabalarni chiqarish funksiyasi qo‘shildi. Tizimda o‘quv yuklamasi hali shakllantirilmagan pedagoglarni aniqlash imkonini beruvchi “O‘qituvchi paneli” ham ishga tushirildi.

 

Avvalroq, HEMIS tizimining 1.9.53 versiyasida ikkinchi oliy ta’lim talabalari va xorijiy talabalarni tizimga kiritish, o‘qishga tiklash hamda talabalarni rasmiylashtirish jarayonlariga qator o‘zgartirishlar kiritilgani haqida xabar berilgandi.