Olimlarga 10 foizgacha ustama: ilmiy darajali xodimlarga qo‘shimcha haq to‘lash tartibi o‘zgardi

Olimlarga 10 foizgacha ustama: ilmiy darajali xodimlarga qo‘shimcha haq to‘lash tartibi o‘zgardi

Hukumatning 604-son qarori bilan ilmiy darajali xodimlarga qo‘shimcha haq belgilash tartibi yangilandi. Endilikda olimlarning ilmiy natijalari yagona elektron bazadagi tasdiqlangan ma’lumotlar asosida ham baholanadi.

 

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 31-oktyabrdagi 604-son qarori bilan ilmiy darajali xodimlarga qoʻshimcha haq belgilash tartibiga muhim oʻzgartirishlar kiritildi.

 

Yangi tartibga ko‘ra, ilmiy, ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyatiga oid ma’lumotlar yagona elektron bazaga kiritiladi, tekshiriladi va tasdiqlanadi. Qo‘shimcha haq belgilashda tashkilotning ilmiy komissiyasi hamda kollegial organi uchun aynan shu bazadagi tasdiqlangan ma’lumotlar asosiy axborot manbasi hisoblanadi.

 

Bunda elektron bazaga kiritilgan, biroq tasdiqlanmagan ilmiy natijalar qo‘shimcha haq hisoblashda inobatga olinmaydi. Avvalgi tartibda esa xodim tomonidan taqdim etilgan tasdiqlovchi hujjatlarga tayanilgan.

 

Shuningdek, Science ID orqali yuqori ilmiy faollik ko‘rsatgan mualliflarni rag‘batlantirish mezoni ham belgilandi. Unga ko‘ra, tegishli mezonlarga javob bergan har bir muallifga lavozim maoshining 10 foizigacha miqdorda qo‘shimcha haq belgilanishi mumkin.

 

Bu barcha ilmiy darajali xodimlarga avtomatik ravishda 10 foiz ustama to‘lanishini anglatmaydi. Qo‘shimcha haq tegishli mezonlar asosida belgilanadi.

 

Yangi tartibga ko‘ra, ilmiy natijaga erishish bilan birga, uning yagona elektron bazada to‘g‘ri aks ettirilishi, tekshirilishi va tasdiqlanishi ham qo‘shimcha haq belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Avvalroq, ilmiy daraja olish uchun talab etiladigan maqolalar soni, dissertatsiya hajmi va himoya jarayonlariga o‘zgartirishlar kiritilishi, shuningdek, 2027-yil 1-yanvardan chet tili bo‘yicha malakaviy imtihon talabi ham bekor qilinishi rejalashtirilgani haqida xabar bergan edik.