Mamlakatda tug‘ilish darajasining pasayishi, o‘quvchilar sonining qisqarishi va ta’lim muassasalarini moliyalashtirish bilan bog‘liq muammolar maktablarning ommaviy yopilishiga sabab bo‘lmoqda.
AQSHda 2025–2026-o‘quv yilida jami 1 156 ta maktab faoliyatini to‘xtatgan. Bu COVID-19 pandemiyasidan keyingi davrda qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Bu haqda Associated Press (AP) federal ma’lumotlar asosida Stenford universitetining Big Local News loyihasi tomonidan o‘tkazilgan tahlilga tayanib xabar berdi.
Maktablar yopilishining asosiy sabablari orasida mamlakatda tug‘ilish darajasining uzoq yillardan beri pasayib borayotgani, davlat tomonidan ta’limni moliyalashtirish imkoniyatlarining qisqarishi va o‘quvchilar sonining kamayishi keltirilgan. Shuningdek, xususiy maktablar uchun vaucher dasturlarining kengayishi, uyda ta’lim olishni tanlayotgan oilalar sonining ortishi ham davlat maktablaridagi o‘quvchilar soniga ta’sir ko‘rsatmoqda.
AP tahliliga ko‘ra, 2019–2024-yillar oralig‘ida AQSH davlat maktablaridagi o‘quvchilar soni 1,4 milliondan ortiqqa yoki qariyb 3 foizga kamaygan. Mutaxassislar bu jarayon kelgusi yillarda ham davom etishi mumkinligini bildirmoqda.
Masalan, Kaliforniya shtatidagi Vallejo shahrida joylashgan maktab okrugida so‘nggi 20 yil ichida o‘quvchilar soni deyarli ikki barobarga qisqargan. 2006-yilda qariyb 18 ming nafar o‘quvchi ta’lim olgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 9 300 nafarga tushgan. 2025-yildan buyon okrugdagi beshta maktab yopilgan. Bundan tashqari, 36 million dollarlik budjet taqchilligini kamaytirish maqsadida xodimlar shtatining uchdan bir qismigacha qisqartirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
AP xabarida keltirilishicha, ayrim oilalar maktablar yopilgach, farzandlarini xususiy yoki charter maktablarga o‘tkazmoqda, boshqalari esa uyda ta’lim berishni tanlamoqda. Bu esa davlat maktablaridagi o‘quvchilar sonining yanada kamayishiga olib kelishi mumkin.
Bellwether va WestEd tadqiqot tashkilotlari hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘quvchilar sonining kamayishi 2030–2031-yillarga borib AQSH shtatlari budjetlariga har yili 11,5 milliard dollargacha tushum yo‘qotilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu esa kelgusida yangi maktablarning yopilishi, o‘qituvchilar shtatining qisqarishi va ayrim ta’lim dasturlarining bekor qilinishiga olib kelishi ehtimoli bor.
Avvalroq, Buyuk Britaniyada 320 mingta maktabga oid fayl xakerlar tomonidan internetga sizdirilgani haqida xabar bergan edik.
