O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 34 yilligi munosabati bilan 1–7-dekabr kunlari ta’lim muassasalarida turli ma’rifiy va ijodiy tadbirlar tashkil etiladi.
Prezidentning 2026-yil 6-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi 63-son farmoyishi qabul qilindi.
Hujjatga muvofiq, Konstitutsiya qabul qilinganining 34 yilligi munosabati bilan mamlakatdagi ta’lim muassasalarida qator tadbirlar o‘tkaziladi.
Jumladan, 7-dekabr kuni maktablar hovlisida davlat bayrog‘ini ko‘tarish marosimlari tashkil etiladi. 1–7-dekabr kunlari esa ta’lim muassasalarida Konstitutsiya darslari va olimpiadalar o‘tkaziladi.
Shuningdek, maktab o‘quvchilari o‘rtasida “Xalq konstitutsiyasi”, “Konstitutsiya – baxtimiz qomusi”, “Konstitutsiya bilimdoni” va “Konstitutsiya – kelajagim mash’ali” mavzularida rasmlar hamda insholar tanlovlari tashkil etiladi. O‘zbekiston yoshlarining Konstitutsiya kuniga bag‘ishlangan III konferensiyasi ham o‘tkaziladi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari va boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatini sodda tilda tushuntiruvchi “Moddalar gapiradi” videoroliklari tayyorlanib, tarqatiladi.
Bundan tashqari, “Kelajak” markazlarida “Konstitutsiya o‘quvchilar nigohida” mavzusida ijodiy tanlov va ko‘rgazmalar tashkil etiladi. Ta’lim tashkilotlari davlat bayroqlari, sharlar, o‘quvchilar yasagan o‘yinchoqlar va turli ramzlar bilan bezatiladi.
Maktab o‘quvchilarining huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan yaratilgan “Konstitutsiyaga sayohat” interaktiv kitobi va huquqiy multfilmlar ingliz tilida tayyorlanadi. Kitobning 1 000 nusxasi chop etilib, maktablarga tarqatiladi.
Oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlarda talabalar, magistrlar, tadqiqotchilar hamda tayanch doktorantlar o‘rtasida “Konstitutsiya – inson qadri ulug‘langan erkin hayot va yangi kelajak poydevori!” mavzusida ilmiy maqolalar tanlovi o‘tkaziladi.
Shuningdek, Toshkent davlat yuridik universitetida xorijlik olim va ekspertlar ishtirokida Konstitutsiyani hayotga tatbiq etish borasidagi yutuqlar va ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etiladi.
Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bo‘yicha ma’lumot bergan edik.
