Surxondaryoda yarim stavka farroshlik uchun 2 ming dollar talab qilgan maktab direktorining ozodligi 3 yilga cheklandi. Direktor ayolga keyinchalik yana chorak stavka qo‘shib berishni, buning uchun tuman MMTB xodimlariga yana 500 dollar berish kerakligini bildirgan.
Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida farroshlikka ishga olish uchun 2 ming dollar talab qilgan maktab direktori ozodlikdan mahrum qilindi.
“Daryo” tanishgan sud hujjatiga ko‘ra, L.T. ismli ayol tanishi SH.Y.ga doimiy ish topishda yordam so‘rab murojaat qilgan. SH.Y. bir necha yildan buyon maktab direktori bo‘lib ishlayotgan tanishi borligini aytib, u bilan gaplashib ko‘rishni taklif qilgan. Shundan so‘ng ular 2026-yil 17-iyun kuni birga maktabga borishgan. Ularni direktorning o‘zi kutib olgan.
Suhbat davomida L.T. uy-joy subsidiyasi olish uchun hujjat topshirmoqchi ekanini, biroq ariza berish uchun ish joyi bo‘lishi zarurligi aytilgani sababli ish izlayotganini, diplomi yo‘qligini aytgan.
Suhbat davomida SH.Y. ayolning ikki farzandi borligini, ularni boqishga qiynalayotganini aytib, so‘ralgan pul miqdorini biroz kamaytirishni iltimos qilgan. Biroq direktor pulning bir qismini qo‘shimcha shtat ochish uchun tuman ta’lim bo‘limi va boshqalarga berishini, bundan arzoniga ish bitmasligini bildirgan.
Ikki kundan so‘ng, 19-iyun kuni ular yana maktabga borgan. Direktor texnik xodim uchun shtat ochishda tuman xalq ta’limi bo‘limiga 300–400 dollar berish kerakligini, ishga kirish uchun esa jami 2 400 dollar ketishini aytgan. Ular bunga rozi bo‘lgach, direktor kotibasini chaqirib, L.T.ga ishga qabul qilish haqida ariza yozdirgan. Ayol so‘ralgan tibbiy ma’lumotnomani ham taqdim etib, uyiga qaytgan. Direktor esa SH.Y.ga pulni ertasi kuni olib, yolg‘iz kelishini aytgan.
Shundan so‘ng L.T. direktorning harakatlarini noqonuniy deb hisoblab, unga nisbatan chora ko‘rishni so‘rab Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Termiz shahar bo‘limiga murojaat qilgan.
2026-yil 20-iyun kuni SH.Y. direktorga kelishilgan pulni berish uchun 1 900 dollar va 1,2 million so‘m olib borgan. Ular uchrashib, avtomobilda maktab tomon yo‘l olishgan u ayol pulni direktorga bergan. Ko‘p o‘tmay, yo‘l-patrul xizmati xodimlari to‘xtatgan. Shu payt S.K. sumkasidan nam salfetka olib, qo‘llarini artgan.
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Termiz shahar bo‘limi va Surxondaryo viloyati IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida avtomobil tekshirilgan. Tekshiruvda S.K.ning o‘ng kafti, ishlatgan salfetkasi hamda salfetka qadog‘ida maxsus kimyoviy kukun izlari aniqlangan. Shundan so‘ng direktor qo‘lga olingan.
S.K. sudda SH.Y. iyun oyi boshlarida unga qo‘ng‘iroq qilib, maktabda bo‘sh ish o‘rni bo‘lsa, jiyanini ishga olishni so‘raganini bildirgan.
“Hozircha yarim stavkaga ishga qabul qilib, keyin bo‘lim bilan gaplashib, qo‘shimcha 0,25 shtat ajratib berishimni aytdim. Bu ishlar o‘zidan o‘zi bo‘lmasligini, hatto bitta sinf ochish uchun ham bo‘lim xodimlariga pul bermasa, ish bitmasligini aytdim”, deya ko‘rsatuv bergan S.K.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudi hukmi bilan S.K. Jinoyat kodeksining 210-moddasi 1-qismi (pora olish) hamda 28, 211-moddasi 1-qismi (pora berishga dalolat qilish) bo‘yicha aybdor deb topilgan.
Unga uzil-kesil 1 yil 6 oy muddatga davlat ishtirokidagi tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilish hamda 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Shuningdek, unga ish yoki o‘qish vaqti hamda ularga borib-kelish uchun zarur vaqtdan tashqari uyidan chiqish taqiqlangan.
Avvalroq, Samarqandda maktab direktori fuqaroni o‘qituvchi lavozimiga ishga qabul qilish evaziga 400 AQSh dollari olgan vaqtida ushlangani haqida xabar berilgandi.
