O‘zbekistondagi yana 45 ta texnikumda “Pearson BTEC” xalqaro dasturi joriy etiladi

O‘zbekistondagi yana 45 ta texnikumda “Pearson BTEC” xalqaro dasturi joriy etiladi

2026/2027-o‘quv yilidan boshlab qo‘shimcha 3 500 nafar o‘quvchi Pearson BTEC International Level 3 dasturi asosida ta’lim olishi rejalashtirilmoqda.

 

O‘zbekistonda 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab yana 45 ta texnikumda xalqaro kasbiy ta’lim dasturi — Pearson BTEC International Level 3 Extended Diploma joriy etiladi. Natijada dasturga qo‘shimcha 3 500 nafar talaba jalb qilinadi. Bu haqda “Daryo”ga Kasb-hunar ta’limi agentligi ma’lum qilgan.

 

Dastur muhandislik, axborot texnologiyalari, qurilish, sayohat va turizm, mehmonxona biznesi, sog‘liqni saqlash hamda ijtimoiy yordam kabi oltita ustuvor tarmoqni qamrab olgan 79 ta yo‘nalish bo‘yicha amalga oshiriladi. Ta’lim o‘zbek, rus va qoraqalpoq tillarida olib boriladi.

 

BTEC dasturi nazariy bilimlarni amaliy mashg‘ulotlar va kasbiy faoliyatga oid topshiriqlar bilan uyg‘unlashtiradi. Talabalar o‘z bilim va ko‘nikmalarini kelajakdagi kasbiga mos vazifalarni bajarish orqali namoyish etadi. Bu esa bitiruvchilarning ishga joylashishi va ta’limni davom ettirishi uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratishga qaratilgan.

 

Dasturga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardagi 45 ta texnikum jalb etiladi. Ular orasida milliy texnikumlar tarmog‘i muassasalari, O‘zbekiston Hamshiralik ishi akademiyasi, Buxoro viloyati texnikumlari hamda Prezident texnikumlari bor.

 

Jumladan, Nukus shahar 1-sonli, Samarqand shahar 1-sonli, Chirchiq shahar 1-sonli, Farg‘ona shahar 4-sonli, Buxoro shahar 1-sonli va Chilonzor tuman 1-sonli texnikumlari dasturda ishtirok etadi. Shuningdek, Abu Ali ibn Sino nomidagi Andijon, Samarqanddagi Siyob va Termiz jamoat salomatligi texnikumlari ham ro‘yxatga kiritilgan.

 

Dastur doirasida talabalar o‘qishga qabul qilinganidan so‘ng tegishli BTEC malakasiga ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Biroq o‘quv jarayoni boshlanishidan oldin texnikumlar Pearson BTEC tomonidan tasdiqlash jarayonidan o‘tishi kerak. Bunda o‘qituvchilarning malakasi, zarur ta’lim resurslari va sifatni ta’minlash mexanizmlari baholanadi.

 

Belgilangan malaka talablarini bajargan va sifatni ta’minlash shartlariga rioya qilgan talabalar Pearson BTEC malakasini olish huquqiga ega bo‘ladi.

 

Kelgusida ushbu tashabbusni mamlakatdagi boshqa texnikumlar va talabalarni ham qamrab oladigan tarzda kengaytirish rejalashtirilgan.

 

Avvalroq, Nukusdagi texnikumda Buyuk Britaniyaning “Pearson BTEC” xalqaro ta’lim dasturi joriy etilgani haqida xabar berilgandi.