Andijonda 11-sinf o‘quvchisi Muslima Ubaydullayeva IELTS imtihonidan 8, SAT imtihonidan esa 1530 ball oldi. Endilikda uning oldida Garvard yoki Stenford universitetida tahsil olish va kelajakda O‘zbekiston iqtisodiyoti rivojiga hissa qo‘shish maqsadi turibdi.
Andijon viloyati Jalaquduq tumanidagi 11-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Muslima Ubaydullayeva IELTS imtihonidan 8, SAT’dan esa 1530 ball to‘pladi. Uning fikricha, bu natijalar birdaniga qo‘lga kiritilmagan. Buning ortida uzoq davom etgan izlanish, muntazam mehnat, intizom va o‘z oldiga aniq maqsadlar qo‘yish turadi.
Muslima yuqori natijalarga erishish uchun, avvalo, o‘z ustida muntazam ishlash va belgilangan rejaga amal qilishga harakat qilgan. U tayyorgarlik jarayonida turli kitoblar va o‘quv materiallaridan foydalangan, mavzularni chuqur o‘rganishga vaqt ajratgan. Uning aytishicha, faqat ko‘p shug‘ullanish emas, balki o‘qish jarayonini to‘g‘ri tashkil etish ham muhim.
O‘quvchi uchun tayyorgarlikdagi eng katta qiyinchiliklardan biri charchoq bo‘lgan. U yuqori natijaga erishish istagi bilan tinimsiz shug‘ullanishga intilgan bo‘lsa-da, vaqt o‘tishi bilan dam olish ham o‘qishning muhim qismi ekanini tushungan.
Uning ta’kidlashicha, o‘qish va hordiq o‘rtasidagi muvozanatni saqlash unga charchoqni yengish va izlanishlarni davom ettirishda yordam bergan. Shu sababli u katta maqsadlar sari intilayotgan tengdoshlariga o‘z imkoniyatlarini to‘g‘ri baholashni, dam olishni ham rejalashtirishni tavsiya qiladi.
Bu yo‘lda unga oilasi va ustozlarining qo‘llab-quvvatlashi ham katta dalda bo‘lgan.
Oʻzbekiston qizi sifatida ayta olamanki, mening ota-onam oʻqishim va izlanishimda doim meni qoʻllab-quvvatlashgan. Ularning: ‘Biz doim senga ishonamiz va sen doim, albatta, gʻalaba qozonasan’, deyishlari menga juda katta ishonch bergan va har doim oʻzimni gʻurur bilan tutish va harakatda davom etishga yordam bergan.
Ustozim ham menga shunday soʻzlar bilan doim dalda berib kelgan. Uning bir jumlasi: ‘Sen erishishing mumkin boʻlgan narsalar sen hozir erishganingdan va koʻra olganingdan ancha yiroqroqda’, deb aytgani menga oʻzimda yanada kattaroq natijalarni maqsad qilishga, yanada kattaroq natijalarga intilishga ilhom boʻlgan deya olaman. Birinchi marta IELTS imtihonidan 6,5 natijani qoʻlga kiritganimda, oʻqituvchim meni maqtagan va: ‘Aslida sen bundan ham yiroqrogʻiga erisha olasan. 6,5 koʻrinib turibdi, lekin sen 8, 8,5, 9 ga ham erisha olasan va, albatta, harakat qilishing kerak’, deb meni davom etishga undagan, — eslaydi o‘quvchi.
Muslima o‘z tajribasidan kelib chiqib, tengdoshlariga uchta asosiy maslahat beradi. Birinchisi — intizomli bo‘lish va belgilangan rejaga amal qilish. Ikkinchisi — muntazam o‘rganishdan to‘xtamaslik. Uchinchisi esa xatolardan qo‘rqmaslik, aksincha, ularni keyingi natijalar uchun saboq sifatida qabul qilish.
Birinchi oʻrinda intizomli boʻlishni maslahat beraman. Katta natijalar tomon intilayotganda, oʻquvchilarga, albatta, toʻsiqlar, qiyinchiliklar va boshqa yoʻnalishdan ketish kabi takliflar beriladi. Oʻquvchi esa eng yaxshi natijaga erishish uchun intizomli boʻlishi va faqatgina maqsadiga eʼtibor qaratishi kerak, deb hisoblayman. Chalgʻituvchi narsalarni chekkaga surish va hammasini teng balansda ushlay olish orqali oʻquvchilar intizomga erishadi va oʻz yoʻlida toʻxtamaydi.
Ikkinchi maslahatim — bu tinimsiz izlanish hisoblanadi. Katta natijalar tomonga qadam qoʻyganda, oʻquvchida boshqalardan yaxshi natija koʻrsatishni boshlash yakundek tuyulishi mumkin. Lekin, aslida, katta natijalar undan ham yiroqroqda turadi va oʻquvchi tinimsiz harakat qilish, yoʻlida toʻxtamaslik va yetarli nima ekanini bilmaslik bilan yanada kattaroq natijalarga erishishi mumkin.
Uchinchi maslahatim — bu xatolarni oʻziga saboq deb bilish. Koʻplab oʻquvchilar jarayon davomida xatolar qiladi, muvaffaqiyatsizlikka uchraydi va buni toʻsiq deb hisoblashadi. Lekin, aslida, xatolar bizga dars berish uchun shu yerda va biz ulardan nimani toʻgʻrilashimiz kerakligi, nimalar ustida uzoqroq izlanishimiz kerakligini aniqlab, xatolarimizdan oʻrganishimiz kerak. Oʻzimizga dars olamiz va rivojlanishda davom etamiz.
O‘quvchi muvaffaqiyatni faqat yuqori ball yoki qo‘lga kiritilgan yutuqlar bilan o‘lchamaydi. Uning uchun haqiqiy muvaffaqiyat — har kuni kechagidan yaxshiroq bo‘lish, bilimini oshirish va o‘z natijalarini yaxshilash.
“Men uchun haqiqiy muvaffaqiyat — kechagidan yaxshiroq bo‘lish. Ya’ni bugun kechagiga qaraganda yaxshiroq baholar olish, ko‘proq bilim o‘rganish va natijalarimni yaxshilash”, deydi u.
Uning oldida endilikda yanada katta maqsadlar turibdi. Muslima kelajakda Garvard yoki Stenford universitetida tahsil olishni istaydi. U xalqaro iqtisodiyot yo‘nalishida bilim va tajriba orttirib, keyinchalik ularni O‘zbekistonda qo‘llashni rejalashtirgan.
Uning asosiy maqsadi — xorijda olgan bilimlari va tajribasi orqali mamlakat iqtisodiyoti rivojiga hissa qo‘shish. IELTS va SAT natijalari esa bu yo‘lda qo‘yilgan muhim qadamlardan biri, xolos.
Avvalroq, Talimxabarlari.uz sayti muxbiri SAT imtihonidan 1530 ball, ingliz tilidan CEFR B2 va o‘zbek tili va adabiyotidan B+ darajali milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritgan Shohobiddinova Shahrizoda bilan suhbatlashgan edi.
