Kanada hukumati kelgusi uch yilda yiliga 150 ming nafar yangi xalqaro talabani mamlakatga jalb qilish rejasini saqlab qoldi.
Joriy yil 5-noyabr kuni Kanada hukumati 2027–2029-yillarga mo‘ljallangan immigratsiya rejasini e’lon qildi. Unga ko‘ra, mamlakat 2027, 2028 va 2029-yillarning har birida 150 ming nafargacha yangi xalqaro talabani qabul qilishni rejalashtirmoqda.
Mazkur reja Kanada Immigratsiya, qochqinlar va fuqarolik masalalari departamentining (IRCC) vaqtinchalik fuqarolarni qabul qilish bo‘yicha umumiy strategiyasining bir qismi hisoblanadi. Unga ko‘ra, mamlakat kelgusi uch yil davomida har yili jami 370 ming nafar yangi vaqtinchalik rezidentni qabul qilmoqchi.
Ushbu ko‘rsatkich yiliga 150 ming nafar xalqaro talaba va 220 ming nafar xorijiy ishchini tashkil etadi.
Avvalgi immigratsiya rejasida ham 2027 va 2028-yillar uchun 150 ming nafar xalqaro talabani qabul qilish maqsadi belgilangan edi. Yangi rejada bu ko‘rsatkich o‘zgartirilmagan va 2029-yilgacha uzaytirilgan.
Kanada Xalqaro ta’lim byurosi (CBIE) yangi rejani qo‘llab-quvvatlagan. Tashkilot fikricha, bu qaror so‘nggi yillarda immigratsiya siyosatidagi tez-tez o‘zgarishlar sabab noaniqlikka duch kelgan ta’lim muassasalariga barqarorlik va kelajakni oldindan rejalashtirish imkonini beradi.
CBIE prezidenti va bosh ijrochi direktori Larissa Bezo belgilangan maqsadlar universitetlarga xalqaro talabalarni jalb qilish strategiyalarini ishlab chiqish hamda ta’lim dasturlarini rejalashtirishda yordam berishini ta’kidlagan.
Uning aytishicha, yangi reja ta’lim muassasalariga hukumat, biznes vakillari va mahalliy hamjamiyatlar bilan yaqindan hamkorlik qilish uchun uzoq muddatli aniqlik yaratadi. Bu esa Kanadaning yiliga 150 ming nafar yangi xorijiy talabani qabul qilish maqsadiga erishishiga xizmat qilishi mumkin.
“2026-yilga oid so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, biz hozirgi belgilangan maqsadlarimizga erishishdan hali ancha uzoqmiz. Shu sababli turli sohalar o‘rtasidagi hamkorlik joriy yilgi immigratsiya rejasida belgilangan ko‘rsatkichlarga erishishda muhim ahamiyatga ega”, — degan Larissa Bezo.
Ma’lum qilinishicha, bu qaror Kanada hukumati xalqaro ta’lim sohasida bir qator cheklovlarni joriy etganidan keyin qabul qilingan. Jumladan, mamlakatda o‘qish uchun beriladigan ruxsatnomalar soni cheklangan, o‘qishni tugatgandan keyin ishlash ruxsatnomasini olish talablari esa kuchaytirilgan. Hukumat bu choralar orqali vaqtinchalik immigratsiya oqimini kamaytirishni nazarda tutgan.
Kanada universitetlari tashkiloti (Universities Canada) ham hukumatning 2029-yilgacha yiliga 150 ming nafar xalqaro talabani qabul qilish rejasini saqlab qolish qarorini qo‘llab-quvvatlagan.
Tashkilot bayonotida immigratsiya siyosatining barqaror va oldindan prognoz qilinadigan bo‘lishi Kanada xalqaro ta’lim tizimiga bo‘lgan ishonchni tiklash hamda mamlakatga iqtidorli yoshlarni jalb qilish uchun muhim ekani ta’kidlangan.
Mazkur tashkilot prezidenti va bosh ijrochi direktori Gabriel Miller Kanadaning iqtisodiy kelajagi uchun katta maqsadlar belgilanganini bildirgan.
“Universitetlar tayyorlayotgan mutaxassislar, olib borayotgan ilmiy tadqiqotlar hamda biznes va mahalliy hamjamiyatlar bilan yo‘lga qo‘ygan hamkorligi orqali ushbu maqsadlarga erishishga hissa qo‘shmoqda”, — degan u.
Uning qo‘shimcha qilishicha, universitetlar mamlakatning ushbu imkoniyatlarini yanada rivojlantirish va Kanada fuqarolari uchun ko‘proq natijalarga erishish maqsadida federal hukumat bilan hamkorlik qilmoqda.
Avvalroq, Avstraliyada universitetlar viza muammolari sabab xorijiy talabalarni jalb qilishda qiynalayotgani haqida xabar berilgandi.
