Viza olishdagi qiyinchiliklar va immigratsiya haqidagi keskin siyosiy munozaralar xorijiy talabalar sonining kamayishiga sabab bo‘lmoqda. Mutaxassislar bu holat universitetlarning moliyaviy ahvoliga va mahalliy talabalar uchun ko‘rsatiladigan xizmatlarga ham ta’sir qilishidan ogohlantirmoqda.
Avstraliya universitetlari rahbarlari viza olishdagi noaniqliklar va immigratsiya masalasidagi keskin siyosiy munozaralar sabab xorijiy talabalarni qabul qilish uchun ajratilgan o‘rinlarni to‘ldirishda qiynalayotganini bildirmoqda.
Bu muammo, ayniqsa, mamlakatning yirik shaharlaridan tashqarida joylashgan hududiy universitetlarda yaqqol sezilmoqda. Universitet rahbarlari moliyaviy taqchillik mahalliy talabalar uchun ham salbiy oqibatlarga olib kelishidan xavotirda.
Avstraliya Ta’lim departamentining oktyabr oyidagi so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, universitetlar xorijiy talabalar uchun ajratilgan o‘rinlarning o‘rtacha uchdan ikki qisminigina to‘ldirgan. Davlat universitetlaridan atigi beshtasi belgilangan qabul hajmining 80 foizidan ortig‘iga erishgan. Ularning barchasi poytaxt shaharlarida joylashgan.
Viza siyosati va rad javoblari talabalar oqimini kamaytirmoqda
Yangi Janubiy Uels shtatining turli hududlarida kampuslari mavjud Charlz Styurt universitetining xalqaro talabalar bilan ishlash bo‘yicha prorektori Mayk Fergyusonning aytishicha, universitet 2026-yilda xorijiy talabalar uchun belgilangan kvotaning atigi 40 foizini to‘ldirgan.
Hozirgi ko‘rsatkichimiz o‘tgan yilga nisbatan qariyb 35 foizga past. Vaholanki, biz bu yil o‘tgan yilgi natijamizdan ham yuqori ko‘rsatkichga erishishni kutgandik. Hozir xorijiy talabalar soni pandemiyagacha bo‘lgan davrdagi darajamizning atigi 20 foizini tashkil etmoqda, — degan u.
Universitet hisob-kitoblariga ko‘ra, COVID-19 pandemiyasidan oldingi davr bilan hozirgi xorijiy talabalarni jalb qilish ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi farq 35 million Avstraliya dollari miqdorida daromad yo‘qotilishiga sabab bo‘lmoqda. Shu munosabat bilan universitet xodimlarni qisqartirish va qayta tashkil etish choralarini e’lon qilgan.
Mayk Fergyuson talabalar soni kamayishiga hukumat siyosati, jumladan, viza uchun ariza topshirish to‘lovining 2 500 dollargacha oshirilishi, vizalarning ko‘p rad etilishi hamda Koalitsiya va “One Nation” partiyalarining xorijiy talabalarga nisbatan keskin bayonotlari sabab bo‘layotganini ta’kidlagan.
Avvalroq, AQSh xorijlik talabalardan ishlash ruxsati uchun 70 ming dollar etib belgilanishi taklif qilinayotgani haqida xabar berilgandi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hududiy universitetlar asosan Janubiy Osiyo mamlakatlaridan talabalarni jalb qiladi. Bu mamlakatlardan kelayotgan talabalar vizalarining rad etilish darajasi taxminan 53 foizni tashkil etmoqda.
«Bu nafaqat biz haqiqatan ham o‘qish niyatida kelgan deb hisoblaydigan ko‘plab talabalarni yo‘qotishimizga olib kelmoqda. Shuningdek, yangi talabalarni ham ariza topshirishdan qaytarmoqda. Chunki ular viza uchun dunyodagi eng yuqori to‘lovlardan birini to‘lashiga qaramay, viza olish ehtimoli atigi 50 foiz ekanini biladi», — dedi Fergyuson.
Shu bilan birga, u Avstraliya hududida bo‘lgan talabalar o‘qish joyini tez-tez almashtirishi va vizadan mamlakatda qolish muddatini uzaytirish maqsadida foydalanish holatlariga qarshi hukumat ko‘rayotgan choralarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Uning fikricha, bu tizimdagi qonunbuzarliklarning oldini olishga yordam beradi.
Xorijiy talabalar — universitetlar daromadining muhim manbai
Oliy ta’lim bo‘yicha ekspert, professor Endryu Nortonning aytishicha, xorijiy talabalar sonining kamayishi barcha davlat universitetlariga ta’sir ko‘rsatmoqda. Chunki universitetlar xalqaro talabalar to‘laydigan kontrakt pullari hisobidan mahalliy talabalarni o‘qitish va ilmiy tadqiqotlarni ham moliyalashtiradi.
Bu juda katta muammolarni keltirib chiqarmoqda. Chunki xorijiy talabalar universitet faoliyatining daromad keltiradigan asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi, — deydi u.
Viktoriya shtatidagi hududiy Federatsiya universiteti vitse-kansleri Dunkan Bentli ham hukumatning ushbu choralarini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Biroq uning aytishicha, universitet joriy yilda xorijiy talabalar soni keskin kamaygani sababli jiddiy moliyaviy bosimga duch kelmoqda.
Hududiy universitetlar maxsus viza joriy etishni so‘ramoqda
Universitet hukumatdan hamshiralik, pedagogika va boshqa muhim yo‘nalishlarda tahsil olishni istagan xorijiy talabalar uchun maxsus hududiy viza joriy etishni so‘ramoqda.
Alohida va asosli holatlar bundan mustasno, talabalar o‘qish yo‘nalishini almashtirishini 12 oyga taqiqlash chorasi joriy etilishini biz ham uzoq vaqtdan beri qo‘llab-quvvatlab kelmoqdamiz, — qayd etgan Dunkan Bentli.
Uning ta’kidlashicha, taklif etilayotgan maxsus viza hududiy universitetlarda o‘qishni istagan xorijiy talabalarga berilishi mumkin. Bunda tanlangan ta’lim yo‘nalishi hududda mutaxassislar yetishmayotgan sohalar ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lishi kerak.
Bu viza hududiy universitetda o‘qishni istagan xorijiy talabalar uchun mo‘ljallangan. Ta’lim yo‘nalishi hududda mutaxassislar tanqisligi mavjud bo‘lgan sohalar ro‘yxatiga mos kelishi kerak. Buning sababi — hududlarda mahalliy universitetlarni bitirgan mutaxassislar mavjud talabni qondira olmayapti.
Moliyaviy qiyinchiliklar mahalliy talabalarga ham ta’sir qilishi mumkin
G‘arbiy Sidney universiteti vitse-kansleri Jorj Uilyams ham xorijiy talabalar soni sezilarli darajada kamayganini ma’lum qilgan. Uning ogohlantirishicha, bu universitetlarning moliyaviy taqchilligini kuchaytirib, mahalliy talabalarga ko‘rsatiladigan xizmatlarga ham salbiy ta’sir qilishi mumkin.
Bu byudjetimizga juda katta ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu sababli universitetlar xarajatlarni qayerdan qisqartirish va qaysi yo‘nalishlarda mablag‘ni tejash mumkinligini ko‘rib chiqishga majbur bo‘lmoqda, — ta’kidlagan u.
Uning aytishicha, universitetda xorijiy talabalar to‘laydigan kontrakt pullari mahalliy talabalarni o‘qitishni katta miqdorda moliyalashtiradi. Xalqaro talabalar sonining kamayishi esa mahalliy talabalarga taqdim etiladigan xizmatlarga bosimni kuchaytirmoqda.
Jorj Uilyams, shuningdek, immigratsiya masalasidagi keskin siyosiy munozaralar xorijiy talabalarni Avstraliyada o‘qish fikridan qaytarayotganini ta’kidlagan. Uning fikricha, bunday bahslar mamlakatga kelishni rejalashtirayotgan talabalarda Avstraliyada ularni iliq kutib olishlariga shubha uyg‘otishi mumkin.
Adelaide universiteti sentabr oyida ABC telekanaliga bergan ma’lumotida xorijiy talabalar uchun belgilangan qabul hajmining atigi 60 foizini to‘ldirganini bildirgan. Bu Janubiy Avstraliya universiteti bilan birlashishdan keyingi holat bo‘lib, universitet 90 million Avstraliya dollarigacha daromad yo‘qotishi mumkin.
Hukumat 2026-yilda xorijiy talabalarni qabul qilish bo‘yicha rejalashtirilgan ko‘rsatkichni 295 ming nafar etib belgilagan. Biroq hozirgi tendensiyaga ko‘ra, yil yakunida bu ko‘rsatkich taxminan 250 ming nafarni tashkil etishi kutilmoqda.
Mehnat partiyasi o‘qish davrida oila a’zolarini Avstraliyaga olib kelish huquqiga ega bo‘lgan xorijiy talabalar sonini ham kamaytirmoqchi.
Talabalar sonining kamayishi mutaxassislar tanqisligini kuchaytirishi mumkin
Avstraliya xalqaro ta’lim assotsiatsiyasi bosh direktori Fil Honeyvudning aytishicha, mamlakatning hududiy qismlarida xorijiy talabalar sonining kamayishi muhim sohalarda malakali mutaxassislar tanqisligini yanada kuchaytirishi mumkin.
Viza uchun to‘lanadigan yuqori va qaytarilmaydigan to‘lovlar bu tizimni lotereya chiptasiga o‘xshatib qo‘ymoqda, — degan u.
Uning ta’kidlashicha, hududlarda hamshiralar, bolalar parvarishi xodimlari, keksalarga qarovchilar va muhandislar yetishmaydi.
Agar hududlarda xorijiy talabalar soni kamayishda davom etsa va ular o‘qishni tugatgach, mamlakatda qolish imkoniga ega bo‘lmasa, mutaxassislar tanqisligi yanada kuchayadi, — dedi u.
Avvalroq, AQSH xorijlik talabalar uchun viza muddatiga cheklov joriy etayotgani haqida xabar berilgandi.
