AQShda 3,3 milliondan ortiq o‘quvchi ma’lumotlari tahlil qilingan tadqiqotga ko‘ra, maktabda mobil telefonlardan foydalanishni qat’iy cheklash matematika va o‘qish natijalarini yiliga qo‘shimcha 1–2 haftalik ta’lim samarasi darajasida yaxshilashi mumkin.
Garvard universiteti Ta’lim siyosatini tadqiq qilish markazi (CEPR) olimlari AQSh maktablarida mobil telefonlardan foydalanishni cheklash o‘quvchilarning o‘zlashtirishiga qanday ta’sir qilishini o‘rgandi.
Tadqiqot Garvard, Dartmut kolleji va NWEA tadqiqotchilari hamkorligida o‘tkazilgan. Unda 2021/2022–2025/2026-o‘quv yillari davomida AQShning 49 ta shtati va Kolumbiya okrugidagi 4 600 ta maktabda tahsil olgan 3,3 milliondan ortiq o‘quvchining natijalari tahlil qilingan.
Tadqiqot 3–10-sinf o‘quvchilarining matematika va o‘qish fanlari bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarini qamrab olgan.
Telefonlarni maxsus qopchalarga joylash qanday natija bergan?
Tadqiqotda telefonlardan foydalanishni qat’iy cheklagan maktablar alohida o‘rganilgan. Bunday ta’lim muassasalarida o‘quvchilar maktabga kelganida mobil telefonlarini maxsus qulflanadigan qopchalarga joylashtiradi. Qurilmalar o‘quv kuni davomida yopiq holda saqlanadi.
Natijalarga ko‘ra, ushbu tartib joriy etilgan maktablarda matematika va o‘qish bo‘yicha o‘zlashtirish o‘sishi yiliga taxminan 0,01 standartga oshgan.
Tadqiqotchilar bu ko‘rsatkichni yiliga qo‘shimcha 1–2 haftalik ta’lim samarasi bilan tenglashtirgan. Boshqacha aytganda, o‘quvchilar har bir dars soatida taxminan ikki daqiqa qo‘shimcha samarali ta’lim vaqtiga ega bo‘lgandek natija qayd etgan.
Ijobiy o‘zgarishlar taqiq joriy etilgan birinchi yilning o‘zidayoq kuzatilgan va keyingi uch yil davomida ham davom etgan.
Shuningdek, telefonlarni maxsus qopchalarda saqlash o‘qish fanidan natijalari keskin pasayib ketadigan o‘quvchilar ulushini kamaytirishga yordam bergani aniqlangan.
Natijalar barcha sinflarda kuzatilgan
Ijobiy natijalar boshlang‘ich, o‘rta va yuqori sinflarda, shuningdek, moddiy imkoniyatlari turlicha bo‘lgan maktablarda ham kuzatilgan.
Bundan tashqari, dastlabki o‘zlashtirish darajasi yuqori yoki past bo‘lgan o‘quvchilar orasida ham sezilarli farq aniqlanmagan.
Olimlar AQShning 22 ta shtatida 2025/2026-o‘quv yilida amal qilgan telefonlardan foydalanishni cheklashga oid qonunlarni ham tahlil qilgan. Dars davomida yoki butun maktab kuni mobaynida telefonlardan foydalanishni taqiqlash matematika va o‘qish natijalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi aniqlangan.
Biroq tadqiqotchilar ushbu natijalarni ehtiyotkorlik bilan baholash kerakligini ta’kidlagan. Chunki telefon taqiqini joriy qilgan shtatlarda o‘quvchilar natijalarining avvaldan shakllangan o‘zgarish tendensiyalari ham umumiy ko‘rsatkichlarga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin.
Olimlar: natijalar katta sakrash emas, ammo vaqt o‘tishi bilan samara berishi mumkin
Tadqiqot mualliflaridan biri, Garvard universiteti professori Tomas Keynning ta’kidlashicha, 2013-yildan boshlab AQSh o‘quvchilarining bilim natijalarida asta-sekin pasayish kuzatilgan. Bu davr mobil internetga ulangan smartfonlar keng tarqala boshlagan vaqtga to‘g‘ri keladi.
Uning fikricha, maktablarda telefonlardan foydalanishni qat’iy cheklash avvalgi yillarda yuzaga kelgan bilim yo‘qotishlarining taxminan yarmini qoplashga yordam berishi mumkin.
Shu bilan birga, tadqiqotchilar telefonlarni cheklashning o‘zi ta’lim sifatini keskin yaxshilab yubormasligini ta’kidlaydi. Uning ijobiy ta’siri har yili kichik bo‘lsa-da, vaqt o‘tishi bilan jamlanib borishi mumkin.
Olimlar maktabdan tashqarida, xususan, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishning o‘quvchilar bilimiga va ruhiy holatiga ta’sirini ham qo‘shimcha o‘rganish zarurligini qayd etgan.
Avvalroq, sun’iy intellekt inson hayotini yaxshilayotgani haqidagi ilmiy tadqiqotlar to‘g‘risida maqola tayyorlagan edik.
