Namangan viloyati Chortoq tumanidagi 46-maktabda ikki nafar o‘quvchiga nisbatan jismoniy kuch ishlatgan jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisiga intizomiy jazo qo‘llanildi. Bu haqda viloyat ta’lim va ilm-fan boshqarmasi ma’lum qildi.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Chortoq tumanidagi 46-umumta’lim maktabida jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi tomonidan o‘quvchilarga nisbatan jismoniy kuch ishlatilgani aks etgan videolavhalar tarqalgan edi. Holat yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangani haqida xabar bergan edik.
Namangan viloyati taʼlim va ilm-fan boshqarmasi mazkur holat ishchi guruhi tomonidan o‘rganilganligini ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, 18-noyabr kuni 5-soat dars mashg‘ulotlari davomida 9-“A” sinfining ikki nafar o‘quvchisi o‘zaro janjallashib qolgan. Jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi ularni bir necha bor ajratib, tartibga chaqirganiga qaramay, o‘quvchilar o‘zaro haqoratlashish va jismoniy kuch ishlatish orqali janjalni davom ettirgan.
O‘rganish davomida o‘qituvchi o‘quvchilar o‘rtasidagi janjalni to‘xtatish va ularning bir-biriga tan jarohati yetkazishining oldini olishga uringani, o‘quvchilar tomonidan unga nisbatan ham jismoniy kuch ishlatishga urinish bo‘lgani aniqlangan.
Shu bilan birga, o‘qituvchining vaziyatga munosabat bildirish jarayonidagi xatti-harakatlari pedagogik odob-axloq qoidalari hamda kasbiy etika talablariga zid deb topilgan. Shu sababli o‘qituvchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 312-moddasi 2-bandiga asosan o‘rtacha oylik ish haqining 30 foizi miqdorida intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.
Shuningdek, o‘quvchilarning ota-onalariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga asosan tegishli choralar ko‘rish yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilingan.
