Namangan shahridagi davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti mudirasi fuqaroni avval metodist, keyinchalik yarim stavkali tarbiyachi lavozimiga tayinlash uchun pora talab qilgan. U pulning bir qismini olayotgan vaqtida ushlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Namangan viloyati boshqarmasi hamda Chortoq tuman bo‘limi tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Ma’lum qilinishicha, Namangan shahrida yashovchi fuqaro Departamentning viloyat boshqarmasiga murojaat qilgan. U o‘z murojaatida shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori uni metodist lavozimiga ishga qabul qilish evaziga avval 300 AQSH dollari talab qilganini bildirgan.
Keyinchalik direktor fuqaroni yarim stavkali tarbiyachi lavozimiga tayinlash uchun yana 200 dollar so‘ragan.
Tezkor tadbir davomida direktor xizmat xonasida fuqarodan kimyoviy ishlov berilgan 1,8 million so‘mni olayotgan vaqtida ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan mansabdor shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand shahridagi umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori ham fuqaroni o‘qituvchi lavozimiga ishga qabul qilish evaziga 400 AQSH dollari olayotgan vaqtida ushlangan edi. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
