«Nega Siz doim uzoq safarlarga ketasiz?» — Shavkat Mirziyoyev nabirasiga maktub yozdi

«Nega Siz doim uzoq safarlarga ketasiz?» — Shavkat Mirziyoyev nabirasiga maktub yozdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev nabirasi Shavkatbekka maktub yoʻlladi.

 ⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Shavkat Mirziyoyev Iordaniyaga parvoz davomida nabirasi Shavkatbekka maktub yoʻlladi. Unda prezident nabirasining bergan savoliga javob berib, oʻz zimmasidagi masʼuliyat, bolaligi va yosh avlodga tilaklari haqida soʻz yuritgan.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

 ⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

«Assalomu alaykum, koʻzimning oq-u qorasi, umrimning davomchisi boʻlgan nabiram!⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Mana shu daqiqalarda biz Iordaniya davlatiga, buyuk paygʻambarlar yurtiga, xususan, Muhammad sallollohu alayhi vasallam avlodlari boʻlgan Hoshimiylar Podshohligiga tashrif bilan ketmoqdamiz.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Ushbu muqaddas safar davomida, qalbimni Vatanimizga mehr, sogʻinch tuygʻulari qamrab olgan damlarda sen, aziz bolamga eng ezgu va samimiy tilaklarimni yoʻllashga qaror qildim.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Albatta, bunday olis safarlar har qanday odamni ham toliqtiradi.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠ Ammo meni hamisha yoʻlimga koʻzi toʻrt boʻlib kutadigan yaqinlarimni, duolar bilan qoʻllab-quvvatlab kelayotgan xalqimni yodga olsam, barcha charchoqlarim bir zumda bulutdek tarqab ketadi.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Ertalab xayrlashish paytida bolalarcha soddalik bilan “Nega Siz doim uzoq safarlarga ketasiz?” deb soʻrading.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠ Shoshib turganim uchun bu savolingga tuzukroq javob berolmadim.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠ Biroq shu gaping fikr-u xayolimni band qilib turibdi.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Bolajonim, seni qanchalik yaxshi koʻrishimni bilasan.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠ Lekin taqdir zimmamga shunday vazifa yuklaganki, men nafaqat sening, balki senga oʻxshagan millionlab Oʻzbekiston farzandlarining kelajagi haqida ham oʻylashim, qaygʻurishim kerak.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Men qaysi lavozimda faoliyat yuritmay – deputatmi, hokimmi, bosh vazirmi yoki davlat rahbarimi, hamisha xalq ogʻirini yengil qilish, mushkulini oson etishni asosiy maqsad, oʻz hayotimning maʼno-mazmuni deb bilganman.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Umrimni el-u yurt xizmatiga baxsh etishdan bir lahza boʻlsin afsuslanmadim.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠ Hayotda chiqargan eng katta xulosalarimdan biri shuki, bu dunyoda millatning dardiga darmon boʻlishdan koʻra aʼlo va afzal ish yoʻq.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Tez-tez oʻzga yurtlarga yoʻl olishim ham – sizlarning, koʻpmillatli xalqimizning tinch, toʻkis va toʻkin yashashini istaganim tufaylidir.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠ Sizlar maktabda yaxshi oʻqib, aqlli, bilimdon boʻlib voyaga yetishingiz uchun ham dunyo kezishimga, yangi-yangi hamkorlar topishimga toʻgʻri keladi.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Biroz ulgʻaysang, bu gapimning, umuman, quyida bayon etadigan mulohazalarimning maʼnosini oʻzing anglaysan.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

 ⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Qadrli nuridiydam!⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Bizning bolaligimiz juda mashaqqatli kechgan, suyagimiz qotmasdan kattalar bilan baravar mehnat qilishga majbur boʻlganmiz.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Sening yoshingda yozning jaziramasida gʻoʻza chopib, izgʻirin sovuqda paxta terganman.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠ Maktabda oʻn yil oʻqigan boʻlsam, shuning deyarli yarmi dalada oʻtgan.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠ Qiyinchiliklar bizni erta ulgʻaytirgan.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Bunday azoblarni sizlarga, xalqimning barcha farzandlariga aslo-aslo ravo koʻrmayman.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠ Shuning uchun Prezident boʻlganimdan soʻng birinchi galda bolalarni paxta dalalaridan maktabga qaytardim.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Oʻgʻil-qizlarimiz munosib unib-oʻsishi uchun buning oʻzi yetarli emas, albatta.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠ Hozir qishlogʻ-u shaharlarda zamonaviy bogʻcha va maktablar quryapmiz.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠ Sizlar uchun yaxshi darsliklar yaratish, bilimdon oʻqituvchilar tayyorlashga intilyapmiz.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Xullas, sizlar baxtli, toʻkis va farovon yashashingiz uchun nimaiki lozim boʻlsa, hammasini qilamiz.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Ayni paytda yetuk inson boʻlib ulgʻayish, avvalo, oʻzingizga, iroda va sabot-matonatingizga bogʻliq.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠ Buning uchun barcha fanlarni qunt bilan oʻzlashtirib, qobiliyatingizni toʻliq yuzaga chiqarishga intilishingiz kerak.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Unutma, sizlar oʻz aql-zakovati bilan dunyoni oʻzgartirgan, insoniyatga ustozlik qilgan ne-ne buyuk zotlarning avlodisiz.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Muhaddislar sultoni Imom Buxoriy, allomalar sardori Abu Rayhon Beruniy, tibbiyot ilmida inqilob yasagan Abu Ali ibn Sino, osmon toqiga narvon qoʻygan Mirzo Ulugʻbek, ona tilimizda beqiyos durdona asarlar yaratgan Alisher Navoiy, jaholat zulmatini maʼrifat nuri bilan yoritgan Mahmudxoʻja Behbudiy, eh-he, ulugʻ bobolarimizning qay birini sanay!⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠ Ular shu qadar koʻpki, nomlarining oʻziyoq jild-jild kitoblarga jo boʻladi.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Muxtasar aytsam, Vatanimizning har bir qarich yerida buyuk olim-u fozillar, aziz-avliyolar, mard va jasur sarkardalarning muborak xoki yotibdi.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠ Ularning mamlakatimiz tarixidagi oʻrni, olamshumul xizmatlari haqida senga mavridi kelganda, albatta, soʻzlab beraman.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Yurtimizdagi millionlab oʻgʻil-qizlarimizning qalbida ham daholar, ularning oʻlmas ruhi yashayotganiga imonim komil.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠ Faqatgina bu farzandlarimizning iqtidorini vaqtida uygʻotib, parvarishlay olsak bas.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

“Asling – nasling”, deyishadi.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠ Astoydil harakat qilsangiz, sizlar ham donishmand bobolarga munosib voris boʻlib yetishasiz.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠ Atrofingga nazar solsang, bunga istagancha dalil topishing mumkin.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Mana, qancha oʻgʻil-qizlarimiz xalqaro fan olimpiadalarida gʻolib boʻlib kelyapti.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Qancha yoshlarimiz xorijdagi eng nufuzli universitetlarda tahsil olyapti.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Yana qancha navqiron farzandlarimiz fanning turli yoʻnalishlarida kashfiyot va ixtirolar qilmoqda.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Shaxmatchi yigit-qizlarimiz jahon birinchiliklarida zafar qozonib, Yangi Oʻzbekiston yoshlari naqadar ulugʻ ishlarga qodir ekanini isbotlamoqda, taʼbir joiz boʻlsa, shaxmat tarixini qayta yozmoqda.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Bilginki, olimlar, ixtirochilar, chempionlar oʻz-oʻzidan paydo boʻlmaydi.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠ Bogʻbon oʻzi ekkan nihol oʻsib, mevaga kirguniga qadar necha yil ter toʻkib mehnat qiladi.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠ Zukko, bilimli, hunarli yoshlarni voyaga yetkazish ham ana shunday mashaqqatli ish, masʼuliyatli yumushdir.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Biz oʻn yil burun hamma sohada iqtidorli bolalarni tarbiyalashga kirishgan edik.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠ Bugun ana shu ishlarimizning dastlabki umidbaxsh natijalarini koʻrib turibmiz.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

 ⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Aziz dilbandim!⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Sizlarga Oʻzbekistondek ozod va obod yurtda tugʻilmoq, yashamoq baxti nasib etdi.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠ Ona Vatanimiz chindan ham jannatmonand yurt!⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠ Akademik shoirimiz Oybek Oʻzbekistonimizni tuprogʻida oltin gullaydigan oʻlka deb taʼriflaganida yuz karra haq edi.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Oʻzbekiston deb atalgan, uch ming yildan ziyod davlatchilik tarixiga ega boʻlgan mamlakat farzandi, oʻzbek degan ulugʻ millat oʻgʻloni ekaningdan hamisha gʻurur, iftixor tuyib yashagin, bolam!⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Yurt kelajagi sen kabi millionlab yoshlarga bogʻliq ekanini aslo unutma!⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠ Ilm-maʼrifat oʻrganishga sidqidildan harakat qil!⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠ Chunki bilim va tafakkur bitmas-tuganmas boylikdir.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Yodda tutginki, yoshlikda olingan bilim xuddi toshga oʻyilgan naqsh kabi sira oʻchmaydi, baxtli, kuchli va barkamol inson boʻlib hayot kechirishing uchun butun umr senga hamroh-u hamnafas boʻladi.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Toʻgʻri, bugun sen va sen mansub boʻlgan avlodni mutolaadan chalgʻitadigan mashgʻulotlar, vaqti, eʼtibori va imkoniyatlarini oʻgʻirlaydigan texnologiyalar koʻpaymoqda.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Zamonaviy gadjetlar va sunʼiy intellektdan unumli foydalan, ammo ularga qaram boʻlib qolishdan ehtiyot boʻl!⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

“Oltin zanglamas” deganlaridek, chinakam bilim va maʼrifat hech qachon oʻz qadr-qimmatini yoʻqotmaydi.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Ilm-fan yangiliklarini sinchkovlik bilan kuzatib, ularning mohiyatini anglashga harakat qil!⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Til bilgan – el biladi, xorijiy tillarni oʻzlashtirishga ragʻbatingni aslo susaytirma!⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Har kuni bilim olishga, yangi koʻnikma va tajriba orttirishga harakat qil!⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠ Biror ishga qoʻl ursang, uni albatta oxiriga yetkazgin.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠ Bugungi ishni aslo ertaga qoldirma!⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

 ⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Pahlavon bolam!⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Sen dunyoga kelgan kuningdan buyon qalbimizga olam-olam quvonch baxsh etmoqdasan.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠ Ilk bor tetapoya qilib yurganing, tiling chiqib, biyron-biyron soʻzlay boshlaganing, qisqasi, har bir olgʻa tashlagan qadamingni cheksiz shodlik va ulkan gʻurur bilan kuzatamiz.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠ Shunday kezlarda “danagidan magʻzi shirin” degan ibora qanchalik toʻgʻri ekaniga takror-takror amin boʻlaman.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Asta-sekin hayotingdagi muhim davrlarga kirib bormoqdasan.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠ Fursatdan foydalanib, senga vaqtning qadri xususida ham ikki ogʻiz nasihat qilishni lozim topdim.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Mendan “Bobojon, hozir sizga nima koʻproq yetmaydi?” deb soʻrasang, hech ikkilanmay “Vaqt yetmaydi, vaqt!” deb javob beraman.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠ Ong-u tafakkurimni jonajon yurtimizni yanada yuksaltirishga qaratilgan koʻp-koʻp yangi gʻoyalar, ilgʻor tashabbuslar band etgan.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠ Afsuski, ularning barini yuzaga chiqarishga vaqt kamlik qilyapti.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠ Shu sababli, kam uxlab, koʻp ishlashga toʻgʻri kelmoqda.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠ Yaratgan Egam zimmamga shunday ulkan masʼuliyatni yuklagan ekan, shirin uyqudan, halovatdan voz kechmasam boʻlmaydi.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠ Xalqim tunda osuda uxlashi uchun ham men har doim bedor boʻlmogʻim kerak, axir!⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Unutma, vaqt shunday boylikki, uning bahosi yoʻq.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠ Uni ortga qaytarish, tiklash ham imkonsizdir.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠ Shunday ekan, har bir daqiqani gʻanimat bil!⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Yana bir gapni aytmasam boʻlmaydi, bolajonim!⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠ Hayotda koʻnglingga tukkan ishlaring har doim ham tez va soz amalga oshmasligi, gohida omad yuz oʻgirishi ham mumkin.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠ Shunday pallalarda shoshqaloqlik va umidsizlikdan yiroq boʻlib, sabr va irodaga suyanmoq lozim.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Shuni doimo yodda tutginki, chinakam muvaffaqiyat bu –muvaffaqiyatsizlikdan xulosa chiqarib, ruhni choʻktirmay, chidam va jasorat bilan oldinga borishdir.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠ Hayotdagi eng katta yutuq hech qachon yiqilmaslikda emas, balki yiqilgan taqdirda ham oʻzida kuch topib qayta tura bilishdadir.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠ Shuning uchun hech qachon yengildim dema! Tushkunlikka tushma! Faqat olgʻa va yana olgʻa yur!⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Ezgu niyat, qatʼiy amal va goʻzal fazilatlar bilan yashasang, aslo kam boʻlmaysan. Ilm-maʼrifat va qatʼiy intizomga tayangan mehnat esa noningni butun, el-yurt orasida nomingni aziz qiladi.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

 ⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Suyukli nabiram!⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Men har gal oʻzga yurtlarda safarda yurganimda sizlarni, Oʻzbekistonni juda sogʻinaman. Bamisoli daryo sohilidan toshgandek, sogʻinch qalbimdan toshganda bayrogʻimizga qarayman.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Bayroq – Vatanimiz, milliy gʻururimiz timsoli. Kindik qoni toʻkilgan yurtni sevgan inson uning ramzlarini ham koʻz qorachigʻidek asrab-avaylaydi.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Men Oʻzbekistonda oʻsib-ulgʻayib kelayotgan har bir bola ona diyorimizni chin dildan yaxshi koʻrishi, bayrogʻimizni or-nomusimiz va sharafimiz ramzi sifatida qadrlab, uni hamisha baland koʻtarishini istayman.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Sen ham kelajakda qaysi kasb-korni egallashingdan qatʼi nazar, Vatanga naf keltirmoqqa, el koriga yaramoqqa intil!⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Ishonchim komil, bugun biz amalga oshirayotgan ulkan islohotlar Yangi Oʻzbekistonimiz dunyoning eng rivojlangan davlatlari safiga kirishi uchun mustahkam zamin boʻladi.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Oldimizga qoʻygan yuksak marralar, ulugʻvor maqsadlarga erishish butun xalqimiz bir tan-u bir jon boʻlib harakat qilishi, millat va davlat yakdilligini talab etadi. Bu yoʻlda sizlar ham oʻzingizning bor aql-zakovatingiz va kuch-gʻayratingizni ishga solib, astoydil harakat qilishingiz kerak.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Odamiylik – insonning asl ziynati. Har qanday vaziyatda ham inson boʻlib qolmoq muhimdir. Mardlik, oriyat, vatanparvarlik, halollik, kamtarlik, mehnatsevarlik, olijanoblik kabi fazilatlaringni gavhar kabi asrab-avaylagin!⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

 ⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Ismi jismiga monand bek oʻgʻlim!⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Koʻnglimda senga aytadigan gaplarim koʻp, ammo davlat ishi bilan bogʻliq vazifalar bois, maktubimni hozircha shu yerda toʻxtatishga majburman.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Sen ham, tengdoshlaring ham bir narsani doimo yodingizda tuting: sizlar bobo-buvilaringiz, ota-onangizning koʻz qarogʻi, bebaho boyligisiz.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Mening oʻz fikrlarim yurtimizdagi har bir bobo va ota, har bir buvi va onaning oʻz aziz dilbandlariga atagan yurak soʻzlaridir.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Mening oʻz nasihatlarim Oʻzbekistonning barcha bolalariga bagʻishlangan ezgu tilaklardir.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Sizlarni juda sogʻinganman. Nasib etsa, tez orada diydorlashamiz.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Baxtimizga hamisha sogʻ-omon boʻlgin!⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Ilohim, kamolingni, iqbolingni koʻrib yuraylik!⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

 ⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠

Prezident bobong Shavkat MIRZIYOYEV» – deydi Prezident oʻz maktubida.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠⁠