Daniyada taqiq boshlang‘ich maktablar, 10-sinf yakunigacha bo‘lgan ta’lim muassasalari hamda maktabdan tashqari mashg‘ulotlarga ham tatbiq etiladi.
Daniya Ta’lim vazirligi xabariga ko’ra, 2027/2028-o‘quv yilidan boshlab mamlakatdagi maktablarda mobil telefonlardan foydalanishni butun mamlakat bo‘ylab taqiqlashini e’lon qildi.
Vazirlik bayonotiga ko‘ra, hukumat, Qizil-yashillar alyansi va ‘‘Alternativ’’ partiyasi o‘rtasida erishilgan kelishuv boshlang‘ich maktablar, 10-sinf yakunigacha bo‘lgan ta’lim bosqichlari hamda maktabdan tashqari mashg‘ulotlarni qamrab oladi.
Kelishuvga muvofiq, davlat maktablari, mustaqil maktablar, munitsipal xalqaro maktablar, yoshlar maktablari va davomiy ta’lim maktablarida dars vaqtida ham, tanaffuslarda ham mobil telefonlar hamda shaxsiy internetga ulanadigan boshqa elektron qurilmalardan foydalanish taqiqlanadi.
Cheklovlar 10-sinfgacha bo‘lgan bolalar va yoshlar uchun maktabdan tashqari tashkil etiladigan dam olish dasturlari hamda yoshlar klublariga ham tatbiq etiladi.
‘‘Bolalar maktabga kelganida ijtimoiy tarmoqlar, onlayn savdo va o‘yinlar kabi omillar ularni doimiy ravishda chalg‘itmasligi kerak. Ular darslarga diqqatini jamlay olishi, topshiriqlar ustida chuqur ishlashi va sinfdoshlari bilan birga vaqt o‘tkazishi lozim’’, — dedi ta’lim vaziri Magnus Xoynike.
Mobil telefonlardan foydalanishni taqiqlash bilan birga, kelishuv maktab internet tarmoqlarida majburiy kontent filtrlarini joriy etishni ham nazarda tutadi. Ular ta’lim va pedagogik maqsadlarga aloqasi yo‘q deb topilgan veb-saytlarga kirishni cheklaydi.
Xususan, dars vaqtida ijtimoiy tarmoqlar, o‘yin va onlayn savdo saytlariga kirish bloklanadi.
Hukumat qonun loyihasini parlamentning navbatdagi sessiyasida taqdim etishni rejalashtirmoqda. Mobil telefonlardan foydalanishga qo‘yiladigan taqiq esa 2027/2028-o‘quv yilidan kuchga kirishi belgilangan.
Eslatib o’tamiz, avvalroq Shvetsiya maktablarida bolalarga mobil telefonlardan foydalanish butunlay taqiqlanishi haqida xabar bergan edik.
