Poytaxtda internet orqali narkotik moddalar savdosi bilan shug‘ullangan guruh fosh etildi. Qo‘lga olinganlar orasida olti oydan buyon narkodo‘konda ishlagan talabalar ham bor.
IIV ma’lumotiga ko‘ra, Yangi Hayot tumanida ‘‘zakladka’’ orqali giyohvandlik vositalarini tarqatgan uch kishi, Yakkasaroy tumanida esa yana olti kishi qo‘lga olingan.
Tezkor tadbirlarda 2 kilogrammdan ortiq mefedron, MDMA va kokain, shuningdek, narkotiklarni qadoqlash vositalari musodara qilingan. Giyohvandlik vositalari orasida xorijiy fuqaro orqali O‘zbekistonga olib kirilgan moddalar ham bo‘lgan.
Qo‘lga olinganlar orasidagi oliy ta’lim muassasalari talabalari internet-narkodo‘konda olti oy davomida faoliyat yuritgani aniqlangan.
Musodara qilingan moddalar orqali 100 ming 500 ga yaqin dozaning noqonuniy tarqatilishiga chek qo‘yilgan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25 va 273-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Eslatib o’tamiz, avvalroq Toshkentda internet-narkomagazinda “zakladchik” boʻlib ishlagan talaba qoʻlga olingani haqida xabar bergan edik.
