AQShda xorijlik talabalar uchun ishlashga ruxsat olish uchun 70 ming dollarlik to‘lov joriy etishni taklif qilindi. Yangi qoidaga ko‘ra, F-1 vizasi egalari STEM OPT dasturini har safar uzaytirish uchun 30 ming dollar to‘lashi kerak bo‘ladi.
AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi (DHS) xalqaro talabalarga o‘z mutaxassisligi bo‘yicha vaqtincha ishlash imkonini beruvchi dastur uchun yangi to‘lovlar joriy etishni taklif qildi. Vazirlikning ta’kidlashicha, bu chora AQShga arzon ishchi kuchining kirib kelishini kamaytirishga qaratilgan.
Taklifga ko‘ra, F-1 vizasi egalari “Optional Practical Training” (OPT) dasturi doirasida dastlabki ishlash ruxsatnomasi uchun 70 ming dollar, keyingi uzaytirish uchun esa 30 ming dollar to‘lashi kerak bo‘ladi.
“Optional Practical Training” dasturi hech qachon Amerika mehnat bozoriga kirishning yashirin yo‘li, arzon ishchi kuchini subsidiyalash vositasi yoki tizimdan foydalanib qolganlar uchun mukofot sifatida mo‘ljallanmagan. DHS OPT dasturiga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirib, xorijlik talabalar ish beruvchilarga o‘z malakasi va ular uchun qanchalik qadrli ekanini asoslab berishini talab qilmoqda. Amerikalik ishchilar arzon xorijiy ishchi kuchini yetkazib beruvchi tizim bilan raqobatlashishga majbur bo‘lmasligi kerak, — degan vazirlik vakili.
OPT dasturi xorijlik talabalarga o‘qish davomida yarim stavkada, o‘qishni tamomlagandan so‘ng esa ma’lum muddat to‘liq stavkada ishlash imkonini beradi. Hozirda dastur uchun taxminan 500 dollar to‘lanadi.
Dasturda qatnashish uchun talabalar o‘z mutaxassisligiga bevosita aloqador sohada ishlashi, ta’lim muassasasining vakolatli xodimi (DSO) tavsiyasini olishi va AQSh Fuqarolik va immigratsiya xizmatidan (USCIS) ishlashga ruxsatnoma olishi kerak.
Fan, texnologiya, muhandislik yoki matematika (STEM) yo‘nalishlarida diplom olgan bitiruvchilar OPT dasturini qo‘shimcha 24 oyga uzaytirish huquqiga ega.
AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi yangi to‘lovlar tizimini Talabalar va almashinuv dasturi (SEVP) tomonidan aniqlangan keng ko‘lamli firibgarlik va suiiste’mollik holatlari bilan izohladi. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim ta’lim muassasalari, DSO’lar, ish beruvchilar va F-1 vizasi egalari amaldagi qoidalardan noqonuniy kelishuvlar, jumladan, talablarga javob bermaydigan ish joylari va vizani saqlab qolish uchun pul to‘lash (“pay-to-stay”) sxemalari orqali foydalangan.
Vazirlikning ta’kidlashicha, yangi qoidalar ta’lim muassasalarini talabalarni dasturga tavsiya qilishdan oldin ularni yanada qattiqroq nazorat qilish va sinchiklab tanlashga majbur qiladi.
Biroq taklif qilinayotgan o‘zgarishlar sudda jiddiy huquqiy to‘siqlarga duch kelishi kutilmoqda.
Vahimaga tushmang: DHS xalqaro talabalardan 70 ming dollarlik to‘lov undirish vakolatiga ega emas. Ortiqcha xavotirga o‘rin yo‘q — taklif qilinayotgan qoida sudlarda katta ehtimol bilan o‘z kuchini saqlab qola olmaydi. Xuddi 100 ming dollarlik H-1B to‘lovi va boshqa cheklovchi siyosatlar sudlarda bekor qilinganidek, — deb yozgan xorijlik STEM mutaxassislarini jalb qilishni qo‘llab-quvvatlovchi Talent Mobility Fund tashkiloti direktori Dag Rand LinkedIn’da.
Avvalroq, Latviya oliygohlari xorijlik talabalarni o‘qishga qabul qilish bo‘yicha yangi qoidalarni qayta ko‘rib chiqishga chaqirayotgani haqida xabar berilgandi.
