AQSh universitetlarida talabalar kuzatuv kameralariga qarshi chiqmoqda

AQSh universitetlarida talabalar kuzatuv kameralariga qarshi chiqmoqda

AQShning bir qator universitetlarida talabalar kampuslarga o‘rnatilgan avtomobil davlat raqamlarini avtomatik aniqlovchi kuzatuv kameralariga qarshi chiqmoqda. Ular ushbu texnologiyalar shaxsiy hayot daxlsizligiga tahdid solishi va talabalar harakatlarini nazorat qilish uchun ishlatilishi mumkinligini bildirmoqda.

The Guardian ma’lumotiga ko‘ra, noroziliklar, asosan, AQShning Flock Safety kompaniyasi ishlab chiqargan avtomobil davlat raqamlarini avtomatik aniqlash tizimlariga (ALPR) qarshi qaratilgan. Ushbu kameralar transport vositalarining davlat raqamlarini qayd etadi va ularning muayyan vaqtda qayerda bo‘lganini aniqlash imkonini beradi.

Stenford universitetining 21 yoshli talabasi Anjela Nguyen mazkur texnologiyalardan foydalanishga qarshi namoyish boshlagan. U talabalar, professor-o‘qituvchilar, bitiruvchilar va mahalliy aholi vakillaridan yuzlab imzo to‘plab, universitet ma’muriyatidan Flock Safety bilan tuzilgan shartnomani bekor qilishni hamda kelajakda shunga o‘xshash texnologiyalardan foydalanishga aniq cheklovlar joriy etishni talab qilgan.

Stenford universiteti joriy yilning yozida kompaniya bilan hamkorlikni to‘xtatgan. Bu kabi qarorni qabul qilgan oliy ta’lim muassasalari soni ham ortib bormoqda.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, aprel oyidan buyon AQShning yetti shtatidagi kamida 10 ta universitet kampusida Flock Safety bilan tuzilgan shartnomalar bekor qilingan. Ular orasida Cornell universiteti, Penn State universiteti, Emory universiteti, Binghamton universiteti, Kent State universiteti va Viskonsin universitetining uchta kampusi bor.

Ayrim oliygohlar esa kuzatuv tizimlarini butunlay bekor qilmagan, biroq ulardan foydalanish imkoniyatlarini cheklagan.

Masalan, Shimoliy Karolina universitetining Sharlottadagi kampusi ma’muriyati kuzatuv kameralari orqali yig‘ilgan ma’lumotlarga boshqa hududlardagi huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning kirishini cheklagan. Bunga Xyuston politsiya departamenti 2026-yil martidan mayigacha universitetning Flock tizimidagi ma’lumotlarini 183 ming marta qidirgani aniqlangani sabab bo‘lgan.

Buffalo universiteti esa 60 kunlik sinov tariqasida kuzatuv kameralarini o‘rnatish rejasini noma’lum muddatga to‘xtatgan.

Talabalar kameralar butunlay olib tashlanishini talab qilmoqda

Talabalar noroziligining asosiy sababi — kuzatuv kameralari orqali to‘plangan ma’lumotlardan kimlar va qanday maqsadlarda foydalanishi mumkinligi masalasi.

Ayrim faollar universitetlar Flock Safety bilan shartnomalarni bekor qilganidan keyin ham boshqa kompaniyalarning xuddi shunday tizimlariga o‘tishidan xavotirda. Ularning fikricha, bunday holatda muammo hal etilmaydi, faqat texnologiya yetkazib beruvchi kompaniya o‘zgaradi.

Masalan, Stenford universiteti Flock Safety o‘rniga Kanadaning Genetec kompaniyasi tizimini o‘rnatishni boshlagan. Yangi tizimda ma’lumotlar universitetning ichki serverlarida 30 kun davomida saqlanishi rejalashtirilgan.

Binghamton universiteti esa Flock bilan hamkorlikni to‘xtatgach, Axon kompaniyasi tizimiga o‘tishini e’lon qilgan. Biroq talabalar har qanday kompaniyaning avtomobil raqamlarini avtomatik aniqlash texnologiyalaridan foydalanishga qarshi chiqmoqda.

Kompaniya esa xavfsizlikni ta’minlashini ta’kidlamoqda

Flock Safety kompaniyasi vakillari kuzatuv kameralari kampuslarda xavfsizlikni ta’minlash va jinoyatlarni fosh etishda yordam berishini bildirmoqda.

Kompaniya o‘z bayonotida ushbu texnologiyalar Brown universitetidagi otishma bilan bog‘liq gumonlanuvchini aniqlash, Kolorado shtatidagi maktab avtoturargohida sodir bo‘lgan otishma ishtirokchisini qo‘lga olish va universitet hududidagi qurilish uskunalari o‘g‘irlanishi bilan bog‘liq ishda gumonlanuvchini topishga yordam berganini misol sifatida keltirgan.

Shuningdek, kompaniya ma’lumotlarni saqlash, ulardan foydalanish va tizimdagi harakatlarni tekshirish bo‘yicha siyosatini yangilaganini bildirgan.

Biroq talabalar va faollar xavfsizlikni ta’minlash shaxsiy ma’lumotlar daxlsizligi hisobiga amalga oshirilmasligi kerakligini ta’kidlamoqda.

The Guardian qayd etishicha, kuzatuv kameralariga qarshi noroziliklar faqat universitetlar bilan cheklanmayapti. AQShning ayrim shaharlarida ham aholi Flock Safety tizimlaridan foydalanishga qarshi chiqmoqda. Ayrim maktab o‘quvchilari ham o‘z ta’lim muassasalari hududidagi kameralarni olib tashlash talabi bilan petitsiyalar tashkil qilgan.

Avvalroq, Yevropada bir oy ichida 29 ta talabalar tomonidan ommaviy namoyishlar o‘tkazilgani haqida xabar bergan edik.