‘‘Xususiy bog‘chalar nomini o‘zbekchalashtirish kerak’’ — Sherzodxon Qudratxo‘ja

‘‘Xususiy bog‘chalar nomini o‘zbekchalashtirish kerak’’ — Sherzodxon Qudratxo‘ja

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori xususiy bog‘chalarda milliy bayramlar uchun o‘zbek tilidagi ssenariylar tayyorlash, ularda milliy qo‘shiq va an’analarga ko‘proq o‘rin berish kerakligini ta’kidladi.

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston ziyolilari kengashining Toshkent shahar hududiy yig‘ilishida xususiy maktab va bog‘chalardagi tarbiya masalasiga to‘xtalib o‘tgan.

U o‘z nutqida 15 yoshli o‘quvchi bilan bo‘lgan suhbatini misol qilib keltirgan. Rektorning aytishicha, suhbat davomida xususiy maktabda tahsil olayotgan o‘smir kelajagini O‘zbekistonda ko‘rmasligini bildirgan. Buning sababini so‘raganida esa bola mamlakatdagi muhitni yoqtirmasligini aytgan.

Sherzodxon Qudratxo‘ja ushbu holatni yoshlar tarbiyasi va ularda Vatanga munosabatni shakllantirish masalasi bilan bog‘lagan. U davlat maktablarida vatanparvarlik mavzusiga ortiqcha urg‘u berilayotgan bo‘lsa, xususiy maktablarda bu masalaga yetarlicha e’tibor qaratilmayotganligi haqida ta’kidlagan.

Shuningdek, rektor xususiy bog‘chalarning nomlarini o‘zbekchalashtirish, ularda o‘tkaziladigan bayram tadbirlari uchun o‘zbek tilidagi ssenariylar tayyorlab berishni taklif qilgan.

Uning ta’kidlashicha, o‘zi yashaydigan mahalladagi bog‘chalarda Hosil bayrami kabi tadbirlar turli tillarda o‘tkaziladi, biroq ularda o‘zbek tilidagi qo‘shiqlar deyarli yangramaydi. Bayramlarda xorijiy multfilm va filmlardan olingan obrazlar hamda kiyimlardan foydalaniladi.

Qudratxo‘ja bolalikda kuylangan “Yomg‘ir yog‘aloq, yam-yashil o‘tloq” kabi qo‘shiqlarni misol qilib, bolalar tarbiyasida milliy qo‘shiq va qadriyatlardan foydalanish muhimligini ta’kidlagan. U olimlarni xususiy maktab va bog‘chalardagi tarbiya muhiti, yoshlarning Vatanga munosabati hamda milliy qadriyatlarga e’tibor masalalarini sotsiologik tadqiqotlar orqali o‘rganishga chaqirgan.