Milliy sertifikat imtihoniga ro‘yxatdan o‘tgan ayrim pedagoglar qonunchilikda belgilangan 50 foizlik to‘lov imtiyozidan foydalana olmadi. Ularning ko‘pchiligi imtiyoz tizimda aks etmaganiga qaramay, to‘lovni to‘liq miqdorda amalga oshirdi.
Nega ular muammo hal bo‘lishini kutmadi?
Chunki bu paytda milliy sertifikat imtihonlariga o‘rinlar soni cheklangan, ro‘yxatdan o‘tish esa limit asosida amalga oshirilayotgan edi. To‘lovni amalga oshirmagan talabgorning arizasi bekor qilinib, uning o‘rni boshqa talabgorga berilishi mumkin edi.
Talimxabarlari.uz bir necha davlat tashkilotidan olgan rasmiy javoblarni birlashtirib o‘rganganda, bir qarashda oddiy texnik xatodek tuyulgan holat ortida ancha murakkab tizimli muammo borligi ko‘rinmoqda.
Imtiyoz bor edi
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 16-apreldagi 175-son qarori bilan milliy sertifikat imtihonlarida ishtirok etuvchi pedagog xodimlardan belgilangan to‘lov summasining 50 foizini undirish nazarda tutilgan.
Ta’lim va ilm-fan vazirligi ham tahririyatga yo‘llagan rasmiy javobida ushbu huquq mavjudligini tasdiqladi.
Demak, bahs pedagogda imtiyoz bo‘lgan yoki bo‘lmaganida emas. Imtiyoz bor edi. Muammo — u amalda ishlamaganida.
Yangi tartib: joylar soniga limit qo‘yildi
2026-yil 29-iyuldagi 411-son qarordan keyin milliy sertifikat imtihonlariga ro‘yxatdan o‘tishda hududlar kesimida o‘tish o‘rinlari soni belgilana boshlandi.
Bilim va malakalarni baholash agentligining o‘zi 21-sentabrdagi rasmiy munosabatida imtihon joylari, hududlar bo‘yicha o‘rinlar soni va sanalar oldindan belgilanishini tasdiqlagan. Agentlik bu tartib infratuzilma va tashkiliy imkoniyatlardan kelib chiqib joriy etilganini bildirgan.
Agentlikning 26-avgustdagi rasmiy e’lonida esa hudud uchun belgilangan limit to‘lgach, o‘sha hudud bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish yopilishi ochiq qayd etilgan.
Bu detal mazkur voqeani tushunishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Pedagog “keyin tuzataman” deb kutib turolmasdi
24-sentabr kuni Talimxabarlari.uz imtiyozdan foydalana olmay qolgan pedagoglar arizasini tahrirlashi mumkinmi, degan savol bilan Agentlikka murojaat qilgan edi.
Agentlik mutaxassislarining tahririyatga ma’lum qilishicha, limit sabab ariza berish birinchi kunning o‘zidayoq yakunlangan, mavjud arizani tahrirlash yoki qaytadan yuborish imkoniyati esa bo‘lmagan.
Pedagog faqat to‘lov qilinmagani uchun bekor bo‘ladigan arizalar hisobidan joy bo‘shashini kutib, qaytadan ro‘yxatdan o‘tishga urinishi mumkin edi.
Keyingi jarayon ham aynan shunday kechdi.
Agentlik 4-oktabr kuni belgilangan muddatda to‘lov qilinmagan arizalar bekor qilinganini va bo‘shagan o‘rinlarga qo‘shimcha ro‘yxatdan o‘tish ochilganini e’lon qildi.
Ammo qo‘shimcha ro‘yxatdan o‘tgan talabgorlarga to‘lovni o‘sha kun yakuniga qadar amalga oshirish talabi qo‘yildi.
Ya’ni imtiyozi tizimda chiqmagan pedagog oldida amalda ikki variant qolgan: to‘liq summani to‘lash yoki cheklangan o‘rinni yo‘qotish xavfini qabul qilish.
Shu sharoitda ayrim pedagoglarning 100 foiz miqdoridagi to‘lovni amalga oshirgani bu imtihondagi o‘rnini saqlab qolishning muhim shartiga aylanib qolgandi.
Agentlik avval masalani my.gov.uz tomonga yo‘naltirdi
Bilim va malakalarni baholash agentligi Talimxabarlari.uz’ga yuborgan dastlabki rasmiy javobida imtihon uchun so‘rovnoma shakllantirish, to‘lov imtiyozlarini qo‘llash va to‘lovlarni qabul qilish Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali amalga oshirilishini ma’lum qildi.
Shu sababli Agentlik imtiyoz bilan bog‘liq masala yuzasidan portalning texnik qo‘llab-quvvatlash xizmatiga murojaat qilishni tavsiya qildi.
Agentlik yana bir muhim holatni qayd etdi: imtiyozga haqli pedagog to‘liq to‘lov qilgan taqdirda ortiqcha mablag‘ni qaytarish tartibi va muddati amaldagi hujjatlarda nazarda tutilmagan.
Shu yerdayoq paradoks paydo bo‘ladi:
davlat imtiyozni berdi, tizim uni qo‘llamadi, pedagog esa o‘rnini yo‘qotmaslik uchun pulni to‘liq to‘ladi. Ammo ortiqcha pulni qaytarish tartibi yo‘q.
“Raqamli hukumat” markazi muammoning texnik ildizini ochdi
“Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” ma’lum qilishicha, dastlab pedagoglar haqidagi ma’lumotlarni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining tegishli API xizmatlari orqali olish rejalashtirilgan.
Ammo mas’ul idoralar tomonidan API xizmatlarini taqdim etish jarayonining uzoq davom etishi imtiyozni avtomatik qo‘llash mexanizmini ishga tushirish muddatlarining uzayishiga olib kelgan.
Bundan tashqari, pedagogik faoliyatni tasdiqlash uchun bir nechta axborot tizimiga alohida so‘rov yuborilishi tizimlarga tushadigan yuklamani ham oshirgan.
Bu juda muhim fakt. Chunki u imtiyozdan foydalana olmagan holatlarning barchasini “pedagog kerakli tugmani bosmagan” degan izoh bilan tushuntirib bo‘lmasligini ko‘rsatadi.
Keyinchalik mexanizmning o‘zi ham o‘zgartirilgan: pedagoglar haqidagi ma’lumotlarni “Yagona milliy mehnat tizimi” orqali markazlashgan holda olish yo‘lga qo‘yilgan. Hozir imtiyoz YMMT orqali keladigan pedagogik faoliyatni tasdiqlovchi ma’lumotlar asosida qo‘llanmoqda.
Demak, tizim keyinchalik qayta sozlangan.
Vazirlik “Pedagoglar” toifasini tanlash kerak edi, dedi
Tahririyatimizga 3-noyabr kuni Ta’lim va ilm-fan vazirining birinchi o‘rinbosari Oybek Yuldashev imzosi bilan yuborilgan javobda imtiyozdan foydalanish uchun talabgor ariza rasmiylashtirish jarayonida “To‘lovga imtiyoz” bo‘limidan “Pedagoglar” toifasini tanlashi lozimligi ma’lum qilingan.
Agar mazkur toifa tanlanmasa, vazirlikka ko‘ra, imtiyoz avtomatik qo‘llanmaydi va invoys to‘liq summa bo‘yicha shakllanadi. Vazirlik so‘rovnomadagi ma’lumotlarning to‘g‘riligi uchun talabgorning o‘zi javobgar ekanini ham eslatgan.
Ammo bu izoh oldingi rasmiy javoblar bilan birga o‘qilganda muhim savol tug‘diradi:
pedagog “Pedagoglar” toifasini tanlamadimi yoki tizim uning pedagog ekanini aniqlamagani sabab bu imtiyozdan foydalana olmadimi?
Tahririyatga murojaat qilgan pedagoglar imtiyoz ularda tizimda aks etmaganini bildirgan.
“Raqamli hukumat” markazi esa imtiyozni avtomatik qo‘llash mexanizmini ishga tushirishda integratsion kechikish bo‘lganini rasman tasdiqlagan.
Buning ustiga, limitli ro‘yxatdan o‘tish tartibi sabab pedagogning muammo bartaraf etilishini kutib, keyin to‘lov qilish imkoniyati ham amalda juda cheklangan edi.
Pul esa hanuz pedagogning cho‘ntagidan ketganicha qolmoqda
Ta’lim va ilm-fan vazirligi amaldagi nizomda imtiyozli toifa tanlanmagani sabab to‘liq to‘langan mablag‘ning bir qismini qaytarish yoki uni qayta hisoblash tartibi nazarda tutilmaganini bildirdi.
Ammo vazirlik javobidagi keyingi jumla yanada muhim. Unda imtiyoz qo‘llanmagan holatlar bo‘yicha to‘lovlarni ommaviy qayta hisoblash va farqni qaytarish mexanizmini joriy etish uchun tegishli huquqiy va texnik tartib belgilanishi zarurligi qayd etilgan.
Bu amaldagi tizimda huquqiy bo‘shliq mavjudligini amalda tasdiqlaydi.
- Davlat pedagogga 50 foizlik imtiyoz berdi.
- Davlat joriy qilgan axborot tizimlari ushbu imtiyozni avtomatik qo‘llashi kerak edi.
- Rasmiy javobga ko‘ra, mazkur mexanizmning ishga tushishi integratsiya kechikishi sabab cho‘zilgan.
- Shu paytda boshqa qaror bilan imtihon o‘rinlariga limit joriy etilgan.
- Limit to‘lganida ro‘yxatdan o‘tish yopilgan.
- To‘lov qilinmasa ariza bekor qilingan va joy boshqa talabgorga berilgan.
- Natijada imtiyozi chiqmagan ayrim pedagoglar o‘rnini yo‘qotmaslik uchun to‘liq summani to‘lagan.
- Endi esa ularga ortiqcha to‘lagan pulini qaytarish uchun mexanizm yo‘qligi aytilmoqda.
Javobsiz qolayotgan savollar
Uchta tashkilotning rasmiy javobidan keyin ham bir qator asosiy savollar ochiq qolmoqda:
- imtiyozdan foydalana olmagan pedagoglarning aniq soni qancha;
- ularning qanchasida “Pedagoglar” toifasi tizimda umuman mavjud bo‘lmagan yoki faol bo‘lmagan;
- qanchasida pedagog maqomi davlat axborot tizimlarida tasdiqlanmagan;
- qanchasiga API va integratsiya bilan bog‘liq kechikishlar ta’sir qilgan;
- shu pedagoglardan qancha mablag‘ ortiqcha undirilgan;
- eng muhimi, davlat tizimidagi muammo sabab qonunchilikda belgilangan imtiyozdan foydalana olmagan pedagoglarning ortiqcha puli qaytariladimi?
Muammolar ketma-ketligi yig‘ib chiqilsa, yana bir asosiy savol paydo bo‘ladi:
davlat pedagogga imtiyoz bergan, davlat tizimi uni o‘z vaqtida qo‘llay olmagan, davlat joriy qilgan limit esa pedagogga kutish imkonini bermagan bo‘lsa, nima uchun buning moliyaviy oqibatini aynan pedagog ko‘tarishi kerak?
Talimxabarlari.uz mazkur masala bo‘yicha surishtiruvni davom ettiradi.


