Toshkentdagi maktab, bog‘cha va xonadonlarga issiqlik berilish sanasi e’lon qilindi

Toshkentdagi maktab, bog‘cha va xonadonlarga issiqlik berilish sanasi e’lon qilindi

Toshkentda 9-noyabrdan maktablar, bog‘chalar, shifoxonalar va ko‘p kvartirali uylarga bosqichma-bosqich issiqlik berish boshlanadi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

 

Toshkent shahrida 2026–2027-yilgi isitish mavsumi 9-noyabrdan boshlanadi. Dastlab maktablar, bog‘chalar, shifoxonalar va boshqa ijtimoiy soha obyektlariga, shuningdek, ko‘p kvartirali turar joy binolariga issiqlik berish yo‘lga qo‘yiladi.

 

Poytaxt hokimining tegishli qaroriga muvofiq, issiqlik ta’minotini ulash ishlari bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

 

Isitish uchun to‘lov qachondan hisoblanadi?

 

Issiqlik uchun to‘lov xizmat amalda ulangan kundan boshlab hisoblanadi. Ulanish sanasi boshqaruv kompaniyasi tomonidan imzolangan ikki tomonlama dalolatnomada qayd etiladi.

 

Xonadonlarda issiqlik bir maromda taqsimlanmasa, fuqarolardan o‘z uyiga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv kompaniyasiga murojaat qilish so‘ralgan. Chunki bino ichidagi issiqlik taqsimoti va ichki tizimlarning soz holatda ishlashi boshqaruv tashkiloti zimmasiga yuklatilgan.

 

Issiqlik tarmoqlarida avariya holatlari yuzaga kelganda, Veolia Energy Tashkent kompaniyasining 1347 yoki (71) 200-00-56 raqamli call-markaziga murojaat qilish mumkin. Shuningdek, @vet_pokazaniya_bot Telegram-boti orqali ham murojaatlar haftaning barcha kunlari, 24 soat davomida qabul qilinadi.