TIMSS, baholash va inklyuziv ta’lim: “Metodik marafon”da 140 mingdan ortiq pedagog qatnashdi

TIMSS, baholash va inklyuziv ta’lim: “Metodik marafon”da 140 mingdan ortiq pedagog qatnashdi

Kuzgi ta’til davrida tashkil etilgan “Metodik marafon”ning ikki kunlik mashg‘ulotlarida 140 ming nafardan ortiq pedagog ishtirok etdi. O‘qituvchilar o‘quvchilarning fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha yangi metodik yondashuvlar bilan tanishdi. Bu haqda Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi ma’lum qildi.

 

Joriy yil 6-noyabr kuni Navoiy viloyatida Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi hamda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamkorligida “Metodik marafon”ning ikkinchi kuni bo‘lib o‘tdi.

 

Pedagogik mahorat markazida onlayn va oflayn formatlarda tashkil etilgan mashg‘ulotlarda respublikaning turli hududlaridan 80 ming nafardan ortiq pedagog qatnashdi. Ma’lum qilinishicha, ikki kun davomida marafonda ishtirok etgan pedagoglar soni esa 140 ming nafardan oshgan.

 

Tadbir dasturidan plenar sessiya va to‘rtta yo‘nalish — matematik savodxonlik, tabiiy-ilmiy savodxonlik, o‘qish savodxonligi hamda boshlang‘ich ta’lim bo‘yicha sho‘ba mashg‘ulotlari o‘rin olgan.

 

Qayd etilishicha, plenar sessiyada tarbiyaning ijobiy, ilmiy asoslangan va loyihaviy usullarini ota-onalar hamda o‘qituvchilar orasida targ‘ib qilish masalasida ma’ruza qilingan.

 

Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi bosh mutaxassisi, falsafa doktori Shohruh Abduraimov esa summativ baholash vositalari va ularning turlari, shuningdek, o‘quvchilarning ta’lim natijalarini baholashda zamonaviy yondashuvlardan foydalanish haqida ma’lumot bergan.

 

Matematik savodxonlik: TIMSS va mantiqiy fikrlash

 

Matematik savodxonlik sho‘basida TIMSS xalqaro tadqiqoti talablari asosida fanlararo modellashtirish, mulohaza yuritishga undaydigan savollarni darslarga tatbiq etish va o‘quvchilarning mantiqiy fikrlashini rivojlantirish masalalari muhokama qilingan.

 

Xususan, matematik savodxonlikdan fan savodxonligigacha bo‘lgan jarayonda fanlararo modellashtirish imkoniyatlarini yoritilgan. Shu bilan birga, o‘quvchilarning fikrlash darajasini oshiradigan savollarni dars jarayonida qo‘llash bo‘yicha ma’ruza qilingan.

TIMSS, baholash va inklyuziv ta’lim: “Metodik marafon”da 140 mingdan ortiq pedagog qatnashdi

TIMSS, baholash va inklyuziv ta’lim: “Metodik marafon”da 140 mingdan ortiq pedagog qatnashdi

 

Tabiiy-ilmiy savodxonlik yo‘nalishida ekologik mavzular orqali ilmiy fikrlashni shakllantirish va xalqaro tadqiqotlar yondashuvlaridan foydalanish imkoniyatlari ko‘rib chiqilgan.

 

Matnni tushunishdan mustaqil fikrlashgacha

 

O‘qish savodxonligi sho‘basida o‘quvchilarning matn bilan ishlash, axborotni tahlil qilish va mustaqil xulosa chiqarish ko‘nikmalarini rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratilgan.

 

Mutaxassislar tomonidan o‘qish savodxonligini rivojlantirishda matn va topshiriqlar uyg‘unligini ta’minlashning ahamiyati, matn savodxonligi va axborotni tahlil qilish orqali o‘quvchilarda mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirishga doir metodik yondashuvlarni taqdim etgan.

 

Boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishida har bir o‘quvchining individual imkoniyatlarini hisobga olish, inklyuziv ta’lim muhitini yaratish va matematik tafakkurni rivojlantirish masalalari muhokama qilingan.

 

Shuningdek, boshlang‘ich sinflarda inklyuziv ta’lim muhitini shakllantirish va har bir o‘quvchining salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalalari ham ko‘tarilgan. Bunda TIMSS xalqaro tadqiqoti yondashuvlari orqali boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining matematik tafakkurini rivojlantirish bo‘yicha metodik tavsiyalar berilgan.

 

Nazariyadan amaliyotga: darslarda qanday qo‘llash mumkin?

 

Marafon davomida nazariy bilimlar bilan bir qatorda, bevosita dars jarayonida foydalanish mumkin bo‘lgan amaliy metodlarga ham ustuvor ahamiyat berilgan.

 

Jumladan, o‘quvchilarning darsdagi faolligini oshirish, ularni mustaqil izlanishga yo‘naltirish, hayotiy vaziyatlarga asoslangan topshiriqlar orqali bilimlarni amaliyot bilan bog‘lash hamda fanlararo integratsiyani kuchaytirish usullari muhokama qilingan.

 

Avvalroq, mazkur “Metodik marafon”ning ilk kunida 50 mingdan ortiq pedagog ishtirok etgani haqida xabar berilgandi.