Samarqandlik o‘quvchi 5 ta milliy sertifikat bilan muddatidan avval 189 ballni naqd qildi

Samarqandlik o‘quvchi 5 ta milliy sertifikat bilan muddatidan avval 189 ballni naqd qildi

Samarqandda 11-sinf o‘quvchisi Alqarov Og‘abek beshta fandan milliy sertifikatlarga ega bo‘lib, muddatidan oldin talaba bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan suhbatlashdi.

 

Samarqand viloyati Ishtixon tumanidagi 93-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Alqarov Og‘abek biologiya, kimyo, tarix, o‘zbek tili va adabiyoti hamda matematika fanlaridan milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. U kelajakda Samarqand davlat tibbiyot universitetining davolash ishi fakultetida tahsil olishni maqsad qilgan.

 

O‘quvchining Talimxabarlari.uz sayti muxbiriga aytishicha, milliy sertifikat olishni 8-sinfdaligidayoq rejalashtirgan. Biologiya fanidan sertifikatga tayyorgarlikni 9-sinfning dekabr oyida jiddiy boshlagan va mart oyida imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan. Kimyo fanidan esa 10-sinfning sentyabr oyidan boshlab puxta tayyorlanib, fevral oyida sertifikat olgan.

 

Shu bilan birga, tarix fanidan 25 kun, ona tilidan 17 kun, matematikadan esa ikki oy davomida tayyorgarlik ko‘rgan. U sertifikat imtihonlariga tayyorlanishda fanlar kesimida ko‘proq ball olish imkoniyatini beradigan yo‘nalishlarga ustuvorlik bergan.

 

Biologiya fanidan Nodirbek Ismoilov ustozning kitoblaridan va darslik kitoblardan foydalanganman. Kimyo fanidan turli sertifikat kitoblari va darsliklardan foydalanganman. Ona tili fanidan Samgin Qurbonov ustozning sertifikat kitobi juda katta foyda bergan. Tarixdan darslik kitoblar turli qoʻllanmalarni erinmay yodlab chiqdik. Matematika fanidan sertifikat kitoblardan va onlayn guruhlardan foydalanganman. Hamma fandan bitta ustoz yoʻl-yoʻriq koʻrsatgan, – deydi o‘quvchi.

 

Og‘abek samarali tayyorgarlik usullaridan biri sifatida “Pomodoro” usulini tavsiya qiladi. Unga ko‘ra, 25 daqiqa davomida dars qilish, keyin esa 5 daqiqa dam olish diqqatni jamlashga yordam beradi.

 

Uning ta’kidlashicha, sertifikat imtihonlaridagi savollar u kutganidan ancha murakkab bo‘lgan. Ular nafaqat bilimni, balki fikrlash va mulohaza yuritish qobiliyatini ham sinagan. Imtihonda avval oson savollarni ishlab, keyin murakkablariga vaqt ajratish muhimligini ta’kidlaydi.

 

Bundan tashqari, beshta fandan bir vaqtning o‘zida tayyorgarlik ko‘rish va maktab darslarini o‘zlashtirish oson bo‘lmagan. Ba’zan dars vaqtida ham sertifikat kitoblarini o‘qigani uchun tanbeh eshitganini bildirdi. Shunga qaramay, maktabdagi ustozlari unga imkon qadar yordam bergan.

 

Vaqt taqsimoti

 

Og‘abekning so‘zlariga ko‘ra, ushbu qiyinchiliklar sabab vaqtni to‘g‘ri taqsimlashni o‘rgangan. Tayyorgarlik davrida kechalari soat 2–3 gacha dars qilgan, ertalab soat 7 gacha dam olgan. Maktabdan qaytgach, tushlik va bir soatlik tanaffusdan so‘ng yana o‘qishga kirishgan. Maktab fanlariga esa kuniga bir yarim soatgacha vaqt ajratgan.

 

Tayyorgarlik davomida tushkunlikka tushgan paytlarida ustozining ko‘magi unga dalda bo‘lgan. Og‘abek bunday vaziyatlarda ustoz maslahatiga quloq tutish muhimligini aytadi.

 

U shuningdek, maktablarda variativ sinflar sonini ko‘paytirish va qo‘shimcha darslarga alohida e’tibor qaratish kerak, deb hisoblaydi.

 

Hozirda o‘quvchi ingliz tilini o‘rganishni ham boshlagan. Maktabni tamomlaguniga qadar IELTS imtihonidan 7 balldan yuqori natija olishni rejalashtirgan. Shu bilan bir qatorda, kompyuter va media yo‘nalishidagi bilim hamda ko‘nikmalarini rivojlantirish niyatida.

 

Og‘abekni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilaymiz!

 

Avvalroq, Talimxabarlari.uz sayti muxbiri 5 ta milliy sertifikat bilan muddatidan avval talaba bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritgan qashqadaryolik o‘quvchi Fayzullayeva Gulsanam bilan suhbatlashgan edi.