Farg‘onadagi 105 nafar bog‘cha bolasi zaharlanishiga aloqador ikki mansabdor ozodlikdan mahrum etildi

Farg‘onadagi 105 nafar bog‘cha bolasi zaharlanishiga aloqador ikki mansabdor ozodlikdan mahrum etildi

Farg‘onada 105 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchisi zaharlanishi bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha kassatsiya instansiyasi qaror chiqardi. Unga ko‘ra, bolalar ovqatlanishini tashkil etgan “Garden Catering Trade” MCHJ rahbari 4 yilga, jamiyat texnologi esa 3 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum etildi.

 

2026-yil fevral oyida Farg‘ona shahridagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 105 nafar tarbiyalanuvchining zaharlangani haqida xabarlar tarqalgan edi. Bolalarda isitma, qorin og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, qayt qilish va ich ketishi kabi alomatlar kuzatilgan. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan.

 

Dastlab to‘rt nafar mansabdor aybli deb topilgan

 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Furqat tuman sudining 2026-yil 21-sentyabrdagi hukmi bilan “Garden Catering Trade” MCHJning to‘rt nafar mansabdori — rahbari, texnologi, direktori va hisobchisi aybli deb topilgan edi.

 

O‘sha vaqtda Farg‘ona viloyati sudlari rasmiy bayonot berib, sudlanuvchilarga jazo tayinlashda ularning chin ko‘ngildan pushaymonligi, muqaddam sudlanmagani, jabrlanuvchilarga yetkazilgan zarar to‘liq qoplangani hamda jabrlanuvchilarning qonuniy vakillari da’volari yo‘qligi inobatga olinganini ma’lum qilgan.

 

Shuningdek, bayonotda sudlanuvchilarga nisbatan muayyan huquqdan mahrum qilish jazosi tayinlanmagani ularning tadbirkorlik subyektlari ekani va qonunchilikdagi tegishli qoidalar bilan izohlangan.

 

Bugun Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabariga ko‘ra, mazkur jinoyat ishi Farg‘ona viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining kassatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilgan.

 

Qayd etilishicha, kassatsiya instansiyasi hukmi bilan Furqat tuman sudining 2026-yil 21-sentyabrdagi hukmining “Garden Catering Trade” MCHJ rahbari Sh. T. hamda texnologi R. A.ga oid qismi bekor qilingan. Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 59 va 61-moddalari qo‘llanilgan holda yangi ayblov hukmi chiqarilgan.

 

Natijada MCHJ rahbariga 4 yil, jamiyat texnologiga esa 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

 

Ma’lumot uchun, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 2024-yil iyul oyida Farg‘ona viloyatidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ovqatlanishni tashkil etish jarayonlarini o‘rgangan. Tekshiruvlarda oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib beruvchini tanlashda davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilgani ma’lum bo‘lgan.

 

Agentlik korrupsiyaga duch kelgan taqdirda “Call-markazi” – 1253 orqali murojaat qilishni soʻramoqda.