Pedagoglarga milliy sertifikat imtihoni uchun 50 foizlik imtiyoz nega qo‘llanmay qolgani yuzasidan rasmiy javob berildi

Pedagoglarga milliy sertifikat imtihoni uchun 50 foizlik imtiyoz nega qo‘llanmay qolgani yuzasidan rasmiy javob berildi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-oktabrdagi 646-son qarorining 18¹-bandiga muvofiq, ta’lim tashkilotida mehnat shartnomasi asosida pedagogik faoliyat olib borayotgan shaxslardan milliy sertifikat imtihonida ishtirok etish uchun belgilangan to‘lov summasining 50 foizi undirilishi lozim.

 

Biroq avval xabar berganimizdek, qo‘shimcha ro‘yxatdan o‘tish jarayonida ayrim pedagoglarda ushbu imtiyoz tizimda aks etmagan va to‘lov to‘liq miqdorda shakllangan. Natijada ayrim pedagoglar qonunchilikda belgilangan 50 foizlik imtiyozdan foydalana olmagan, ularning ko‘pchiligi esa to‘lov muddatini o‘tkazib yubormaslik uchun to‘lovni 100 foiz miqdorida amalga oshirgan.

 

Mazkur holat yuzasidan Talimxabarlari.uz tahririyati Bilim va malakalarni baholash agentligiga rasmiy so‘rov yuborgan edi.

 

Pedagoglarga milliy sertifikat imtihoni uchun 50 foizlik imtiyoz nega qo‘llanmay qolgani yuzasidan rasmiy javob berildi

Pedagoglarga milliy sertifikat imtihoni uchun 50 foizlik imtiyoz nega qo‘llanmay qolgani yuzasidan rasmiy javob berildi

Agentlik javobida imtihonda ishtirok etish uchun so‘rovnomani shakllantirish, to‘lov imtiyozlarini qo‘llash hamda to‘lovlarni qabul qilish jarayoni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali amalga oshirilishi ma’lum qilindi. Shu sababli mazkur masala bo‘yicha portalning texnik qo‘llab-quvvatlash xizmatiga murojaat qilish tavsiya etilgan.

 

Shuningdek, imtiyoz olish huquqiga ega bo‘la turib, to‘lovni to‘liq amalga oshirgan pedagoglarga ortiqcha to‘langan mablag‘ni qaytarish tartibi va muddati amaldagi qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilmagani bildirildi.

Pedagoglarga milliy sertifikat imtihoni uchun 50 foizlik imtiyoz nega qo‘llanmay qolgani yuzasidan rasmiy javob berildi

2026-yil 8-oktyabr kuni mazkur masala yuzasidan Raqamli texnologiyalar vazirligiga ham rasmiy so‘rov yuborilgan. So‘rovda “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, ommaviy axborot vositasining axborot olishga doir so‘rovi ko‘pi bilan yetti kunlik muddatda ko‘rib chiqilishi lozimligi ham eslatilgan.

 

Biroq belgilangan muddat o‘tganiga qaramay, hozirga qadar Raqamli texnologiyalar vazirligidan rasmiy javob kelib tushmagan.

 

Talimxabarlari.uz mazkur holatning texnik sabablari, imtiyoz nega ayrim pedagoglarda aks etmagani hamda to‘lovni 100 foiz miqdorida amalga oshirgan pedagoglarga ortiqcha to‘langan mablag‘ masalasi qanday hal etilishi yuzasidan vazirlikning rasmiy munosabatini kutmoqda.

 

Javob kelib tushishi bilan qo‘shimcha ma’lumot beramiz.