Jizzaxda 6-sinf oʻquvchisi Xolmurodov Kozimjon ingliz tilidan B2 darajali sertifikatga ega bo‘ldi. U ingliz tilini ikki yil avval o‘rgana boshlagan.
Jizzax viloyati Zomin tumanidagi 3-maktabning 6-sinf o‘quvchisi Xolmurodov Kozimjon ingliz tilidan Multilevel imtihonida B2 darajasini qo‘lga kiritdi. Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan suhbatlashdi.
Kozimjonning ingliz tilini o‘rganishga kirishishidan maqsadi IELTS va CEFR sertifikatlarini olish bo‘lgan. Shu niyat bilan u muntazam shug‘ullanishga harakat qilgan.
Yosh o‘quvchining aytishicha, imtihon vaqtida Reading bo‘limidagi uchinchi qism unga ancha qiyinchilik tug‘dirgan. U bu topshiriqni bajarishga taxminan 15 daqiqa sarflagan. Biroq imtihonning boshqa qismlari, xususan, Writing hamda Reading bo‘limining birinchi va ikkinchi qismlari unga oson tuyulgan.
U ingliz tilida Speaking qismiga ko‘proq yoqtirishini aytadi. O‘quvchining fikricha, bu bo‘lim nafaqat oson, balki qiziqarli ham. Chunki unda suhbatlashish va fikrlarni erkin ifodalash mumkin.
Kuniga 30 daqiqalik tayyorgarlik
Kozimjon dastlab Reading bo‘limini o‘zlashtirishda qiynalgan. Ammo ko‘proq shug‘ullanish va tinimsiz mashq qilish orqali bu qiyinchilikni yengib o‘tgan. Natijada avval murakkab tuyulgan topshiriqlar unga ancha osonlashgan.
U imtihonga tayyorgarlik davomida kuniga taxminan 30 daqiqa vaqt ajratgan. Asosiy tayyorgarlikni esa yozgi ta’til davomida olib borgan. Uning aytishicha, butun yoz davomida imtihonga tayyorlangani sababli bu jarayonda jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmagan.
“Sertifikatni olganimda juda xursand bo‘ldim”
Boshqa talabgorlar kabi Kozimjon ham imtihon oldidan hayajonlangan. Biroq atrofga nazar tashlab, o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirishga harakat qilgan. Ota-onasi esa undan ortiqcha natija talab qilmagan, aksincha, sertifikat olishida uni qo‘llab-quvvatlagan.
B2 darajasidagi sertifikatni qo‘lga kiritganida o‘quvchi o‘zini juda baxtli his qilgan.
Kozimjon hozir ham ingliz tilini chuqurroq o‘rganishda davom etmoqda. Uning navbatdagi maqsadlaridan biri — o‘zbek tili va adabiyoti fanidan ham sertifikat olish.
Kozimjonni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilaymiz!
Agar sizda ham shu kabi natijalar bo‘lsa @talimxabarlariga_bot orqali murojaat qilishingiz mumkin.
Avvalroq, Talimxabarlari.uz sayti muxbiri B2 sertifikatini qo‘lga kiritgan 5-sinf o‘quvchisi Marjona Rustamova bilan suhbatlashgan edi.
