“O‘z bilimimni sinab ko‘rishni xohladim” — B2 sertifikatini qo‘lga kiritgan 5-sinf o‘quvchisi bilan suhbat

“O‘z bilimimni sinab ko‘rishni xohladim” — B2 sertifikatini qo‘lga kiritgan 5-sinf o‘quvchisi bilan suhbat

Buxorolik 5-sinf o‘quvchisi Marjona Rustamova ingliz tilidan B2 darajadagi sertifikatni oldi. U Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan suhbatlashdi.

 

Buxoro viloyati Shofirkon tumanidagi 28-umumta’lim maktabining 5-sinf o‘quvchisi Marjona Rustamova CEFR B2 darajadagi sertifikatni qo‘lga kiritdi.

 

5-sinfda tahsil oluvchi Marjonaning Talimxabarlari.uz sayti muxbiriga ma’lum qilishicha, ingliz tiliga qiziqishiga akalari sababchi bo‘lgan. Ularning til o‘rganayotganini ko‘rib, Marjonada ham ingliz tilini puxta egallash istagi paydo bo‘lgan.

 

Ingliz tilini o‘rganishni bir yil oldin boshladim. Bunga asosiy sabab, akalarim ham ingliz tiliga qatnashardi. Ulardan ilhomlanib, men ham bu tilga qiziqa boshladim. Bu darajani olish men uchun biroz qiyin bo‘ldi. Chunki bunga erishish uchun ko‘p vaqt, sabr va tayyorgarlik kerak edi. Lekin tinimsiz harakat va o‘z ustimda ishlash orqali maqsadimga erishdim, — deydi Marjona.

 

O‘quvchining ta’kidlashicha, unga imtihonning Reading — matnni o‘qib tushunish qismi ko‘proq yoqadi. Chunki u mutolaa orqali yangi so‘zlarni o‘rganadi, turli mavzulardagi matnlar esa dunyoqarashini kengaytiradi.

 

Writing qismida qiynaldim. Lekin har kuni o‘z ustimda ishlab, yozishni mashq qilish orqali bu ko‘nikmamni yaxshilab oldim.

 

U tayyorgarlik davomida ingliz tilining barcha ko‘nikmalarini rivojlantirishga harakat qilgan. Reading, Listening, Speaking va Writing mashqlarini muntazam bajargan. Bu jarayonda ustozlarining ko‘magi ham muhim o‘rin tutgan.

 

Ustozlarim menga yordam berishdi va doimo qo‘llab-quvvatlashdi. Natijaga erishishimda ingliz tili o‘qituvchim Karimovning hissasi katta. U har bir o‘quvchisiga alohida e’tibor qaratadi va bizni doimo rivojlanishga undaydi, — ta’kidlaydi o‘quvchi.

 

Yosh o‘quvchi imtihon kuni hayajonlanganiga qaramay, o‘ziga ishonishga va xotirjamlikni saqlashga harakat qilgan. Yaqinlari ham uning bu qarorini qo‘llab-quvvatlagan.

 

Qizig‘i, Marjona sertifikat olishni majburiyat yoki kelajakdagi biror talab sabab emas, balki o‘z bilimini sinab ko‘rish istagi bilan maqsad qilgan.

 

Bilaman, sertifikat menga hozircha unchalik zarur emas. Lekin ingliz tiliga qiziqqanim va o‘z bilimimni sinab ko‘rishni xohlaganim uchun imtihon topshirishga qaror qildim. Yaqinlarim ham menga motivatsiya berib, qo‘llab-quvvatlashdi, — deydi u.

 

B2 natijasini bilganida esa Marjonaning quvonchi cheksiz bo‘lgan. U bu muvaffaqiyatni qilgan harakatlari samarasining dastlabki natijasi deb biladi.

 

Ammo uning til o‘rganish yo‘lidagi rejalari bu bilan tugamaydi. Hozirda nemis tilini ham o‘rganayotgan o‘quvchi qiz kelgusida ushbu tildan ham sertifikat olishni rejalashtirgan.

 

Marjonaning yana bir katta orzusi bor — u kelajakda styuardessa bo‘lmoqchi. Shu sababli xorijiy tillarni yaxshi o‘zlashtirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

 

Kelajakda styuardessa bo‘lishni xohlayman. Buning uchun chet tillarini yaxshi bilishim kerak, — deydi u.

 

Marjonani o‘qishlariga muvaffaqiyat tilaymiz!

 

Agar sizda ham shu kabi natijalar bo‘lsa @talimxabarlariga_bot orqali murojaat qilishingiz mumkin.

 

Avvalroq, B2 darajani qo‘lga kiritgan 6-sinf o‘quvchisi Toyirxonova Madinaxon bilan suhbatlashgan edik. Intervyuni o‘qish