Vazirliklar birlashtirilishi ortidan TVIF vazirligida kadrlar tarkibi ham yangilanmoqda. Sobiq vazirliklarning axborot xizmati rahbarlari Nazokat Abduqunduzova va Dilfuza Sobirova vazirlikdagi faoliyatlarini yakunlaganini ma’lum qildi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklari tugatilib, yagona vazirlikka birlashgach, xodimlarni saralashda ham bir qancha o‘zgarishlar ro‘y berdi.
Ta’lim va ilm-fan vazirligiga sobiq vazirliklardan tashqari, boshqa tashkilotlardan ham xodimlar jalb etilib, tizim tuzilmasi yangilanib bormoqda. Shuningdek, Erkinjon Turdimovga istisno tariqasida Vazirlikning markaziy apparatiga 2027-yil 1-fevralga qadar xodimlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri suhbat asosida ishga qabul qilish vakolati ham berildi.
Tugatilgan ikki vazirlikda axborot xizmati rahbari, vazirning matbuot kotibi vazifasida ishlagan, bir muddat yangi vazirlikda ham faoliyat olib borgan jurnalistlar vazirlikdagi faoliyatlari tugaganini e’lon qilishdi.
Sobiq Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida axborot xizmati rahbari bo‘lib ishlagan Nazokat Abduqunduzova hamda sobiq Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligida xuddi shu lavozimda faoliyat olib borgan Dilfuza Sobirovalar Facebook’dagi sahifalarida vazirlikdagi faoliyatlari tugaganini ma’lum qilishdi.
Nazokat Usmonqulovna Abduqunduzova 2023-yil mart oyidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi — matbuot kotibi, shuningdek, vazirlik Axborot xizmati rahbari sifatida faoliyat yuritib kelgan. U shoir Usmon Azimning qizi.
Nazokat Azim «Qahvaxo‘r qizlar» kitobi muallifi, mohir tarjimon va ssenariynavis. U G‘ozal Yaxinaning «Zulayho ko‘zini ochyapti» romanini o‘zbek kitobxoniga yetkazgan. Shuningdek, «Orzular fasli» va «Dugonajonlar» teleseriallari ssenariylarini yozgan.
Dilfuza Azimjonovna Sobirova esa jurnalist, tarjimon va yozuvchi. U avval Prezident ta’lim muassasalari agentligi direktorining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi — matbuot kotibi sifatida faoliyat yuritgan.
2023-yil mart oyidan esa Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Jamoatchilik va OAV bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i — vazir matbuot kotibi lavozimida ishlab kelgan.
Dilfuza Sobirova «Xazina», «Shuhrat vasvasasi», «Go‘shanga alangasi», «Qaynona kundaligi» kabi asarlar muallifi. Uning hikoyasi asosida «Yagonam» badiiy filmi ham suratga olingan. Shuningdek, qator xorijiy asarlarni o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Ta’lim va ilm-fan vazirligi Talimxabarlari.uz’ga hozircha vazirlikda axborot xizmati rahbari lavozimi bo‘sh turgani, vazir Erkinjon Turdimovga yangi matbuot kotibi tayinlanmaganini ma’lum qildi.
Nazokat Abduqunduzova hamda Dilfuza Sobirovalarning keyingi faoliyatlarida omad tilab qolamiz!
