Matematika yo‘nalishidagi yosh tadqiqotchilar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomada qatnashganlarning qariyb 70 foizidan ortig‘i sun’iy intellekt rivoji sabab akademik faoliyatga qiziqishi va ilmiy tadqiqot olib borish motivatsiyasi pasayganini bildirgan.
Matematika yo‘nalishida tahsil olayotgan 268 nafar magistratura talabasi va tayanch doktorantura tadqiqotchi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, ularning qariyb 76 foizi ilmiy darajani qo‘lga kiritgach, akademik matematika sohasida faoliyat yuritishga moyilligi kamayganini bildirgan.
Xuddi shuncha respondent sun’iy intellekt sohasidagi yutuqlar ilmiy tadqiqot olib borishga bo‘lgan qiziqishini pasaytirganini aytgan.
MIT bilan aloqador uch nafar matematika talabasi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma OpenAI 2026-yil 6-oktyabrda uzoq vaqtdan beri yechimi topilmagan yuzlab matematik masalalarning yechimlarini e’lon qilganidan ko‘p o‘tmay yakunlangan. Xususan, OpenAI’ning sun’iy intellekt modeli 350 dan ortiq matematik masalani yechgani haqida xabar berilgandi. Olimlar esa o‘z kasblaridan havotirlanayotganini bildirishgan edi.
So‘rovnoma mualliflari uning natijalari sun’iy intellekt jadal rivojlanayotgan davrning qisqa bir oralig‘idagi qarashlarni aks ettirishini ta’kidlagan.
Respondentlar akademik soha rahbarlaridan norozi ekanini bildirib, sun’iy intellekt matematika fanini qanday o‘zgartirayotgani haqida aniqroq yo‘l-yo‘riq berilishini istashgan. Ayrim tadqiqotchilar esa o‘z ilmiy hissasi kelajakda qanchalik ahamiyatli bo‘lishi noaniqligi sababli tadqiqotlar va ilmiy seminarlarga qiziqishini saqlab qolish qiyinlashganini qayd etgan.
Bu xavotirlar sun’iy intellekt kompaniyalari o‘z tizimlari matematika, kompyuter fanlari va fizika sohalaridagi murakkab masalalarni hal qilgani haqida ketma-ket bayonotlar berayotgan bir paytda kuchaymoqda. Tanqidchilar bunday natijalar qanday e’lon qilinayotgani yuzasidan savollar ko‘tarmoqda.
Shuningdek, tadqiqotchilar osonlik bilan tushunib yetolmaydigan matematik isbotlar haddan tashqari ko‘payib ketishi mumkinligidan xavotir bildirilmoqda. Ayrimlar bu jarayon yoshlarning matematika sohasiga kirib kelish istagini susaytirishidan ham qo‘rqmoqda.
Stenford universiteti professori va Amerika matematika jamiyati prezidenti Ravi Vakil OpenAI, Anthropic hamda Google DeepMind kompaniyalariga maslahat beruvchi mustaqil olimlar guruhi tarkibiga kiradi. U hozirgi davrni keskin o‘zgarishlar va noaniqliklar davri sifatida baholadi. Uning fikricha, sun’iy intellekt kundalik va takroriy vazifalarni bajarishda yordam berishi mumkin, murakkab xulosalar chiqarish va ijodiy fikrlash esa matematiklarning zimmasida qoladi.
Universitet professori ijodkorlik yoki bilim olish jarayonida sun’iy intellektga haddan tashqari tayanish xavfli bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi. Shu bilan birga, u tadqiqotchilarni ushbu vositalarni sinab ko‘rishga, biroq ular taqdim etgan natijalarni sinchiklab baholashga chaqirdi.
Maslahat guruhi sun’iy intellekt kompaniyalari matematik natijalarni ilm-fan rivojiga xizmat qiladigan tarzda qanday taqdim etishi va e’lon qilishi mumkinligini muhokama qilmoqda. Professorning aytishicha, guruh ushbu kompaniyalar faoliyatiga bevosita ko‘rsatma bera olmaydi, ammo ular bilan doimiy aloqada bo‘lib turadi.
OpenAI va Anthropic kompaniyalari matematiklarni qo‘llab-quvvatlash uchun jami 15 million dollar ajratishni va’da qilgan. Shuningdek, OpenAI matematika sohasidagi faoliyatiga oid masalalar bilan shug‘ullanuvchi maslahat guruhini tuzgan.
Avvalroq, AQSH maktablarida o‘quvchilarga AI’ning kamchiliklari o‘rgatilayotgani haqida xabar berilgandi.
