Buxoroda maktab bitiruvchilarining 50 foizini texnikumlarga jalb qilish vazifasi qoʻyildi

Buxoroda maktab bitiruvchilarining 50 foizini texnikumlarga jalb qilish vazifasi qoʻyildi

Davlat rahbari raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Buxoroda maktab bitiruvchilarining 50 foizini texnikumlarda o‘qitish hamda 10 ta oliy ta’lim muassasasida dual ta’lim bilan qamrovni ikki barobar oshirilishi rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.

 

Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida hudud iqtisodiyotini rivojlantirish va aholi turmush darajasini oshirish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

 

Yig‘ilishda prezident ta’lim sohasini rivojlantirish, kasbiy ta’lim qamrovini kengaytirish va oliy ta’limda dual ta’limni rivojlantirish bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi.

 

Xususan, tadbirkorlarga yer ajratish orqali xususiy bog‘cha va maktablar sonini ko‘paytirish, maktab bitiruvchilarining 50 foizini texnikumlarga jalb etish vazifasi qo‘yildi.

 

Shuningdek, texnikumlarni yirik tadbirkorlar va investorlar bilan bog‘lash, ularda xalqaro ta’lim dasturlarini joriy etish zarurligi ta’kidlandi. Viloyatdagi 10 ta davlat va xususiy oliy ta’lim muassasasida dual ta’lim qamrovini ikki baravar oshirish rejalashtirilgan.

 

Yig‘ilishda  sog‘liqni saqlash sohasidagi masalalar ham muhokama qilindi. Qayd etilishicha, joriy yilda 29 ta shifoxona va poliklinikani yangilash ishlari amalga oshirilgan. Shu bilan birga, tibbiy xizmat sifati, ayniqsa, birlamchi tibbiy yordam tizimida hali yechimini kutayotgan muammolar mavjud.

 

Mutasaddilarga birlamchi tibbiy xizmat sifatini yaxshilash, sohaga investitsiyalar jalb etish hamda xorijda tajriba orttirgan vatandoshlar imkoniyatlaridan foydalanish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

 

Bundan tashqari, Prezident Olot tumani hokimi Nargiza Nematovaning hududni kompleks rivojlantirish borasidagi faoliyatini alohida e’tirof etdi. Uning davlat va boshqaruv idoralaridagi ko‘p yillik samarali mehnati, yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali aholi farovonligini ta’minlash yo‘lidagi xizmatlari uchun «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlashga qaror qilinganini e’lon qildi.

 

Avvalroq xabar berganimizdek, davlat rahbari tomonidan mas’ullarga xorijda kam ish haqiga ishlayotgan yurtdoshlarimizni kasbga o‘qitib, yuqori daromadli ishga joylashtirish, 270 ming nafar aholining daromadini o‘rtacha va undan yuqori darajaga olib chiqish bo‘yicha tumanlar kesimida reja ishlab chiqish topshirilgan.