‘‘Xavfsiz talaba’’ ilovasi ortidan dekan, mudira o‘limi ortidan hokim ishdan olindi

‘‘Xavfsiz talaba’’ ilovasi ortidan dekan, mudira o‘limi ortidan hokim ishdan olindi

Jahon tillari universitetida talabalarni “Xavfsiz talaba” ilovasini o‘rnatishga majburlash holati ortidan Tarjimonlik fakulteti dekani ishdan olindi. Jizzax viloyatining Zarbdor tumani hokimi ham bog‘cha mudirasi o‘ldirilishi ortidan lavozimidan ozod etilgani aytilmoqda.

 

O‘zbekistonning ko‘plab universitetlarida talabalar “Xavfsiz talaba” ilovasini o‘rnatishga majburlangani ma’lum bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida ro‘y bergan holat keng muhokama qilingan bo‘lsa, @talimxabarlariga_bot orqali bizga yana ko‘plab shu kabi murojaatlar kelib tushdi.

 

Jahon tillarida dekan bo‘shatildi

 

Jahon tillarida tahsil olayotgan talabalar, 3-noyabr kuni universitetga kirish joyida to‘xtatilib, ilovani o‘rnatishga majburlangan. Shu sabab darslarga kechikkan talabalarga davomatda “NB” qo‘yilgan.

 

Shuningdek, talabalar dars jarayonida dekan, dekan o‘rinbosari va tyutorlar auditoriyaga kirib, ilovani o‘rnatmagan talabalarni o‘rnatishga undagani, rad etganlarga tanbeh berilganini bildirishgan.

 

Natijada, shu kunning o‘zidayoq Tarjimonlik fakulteti dekani Ulug‘bek Yo‘ldoshev ishdan olingan. Dekan Daryo.uz‘ga bergan intervyusida bunday holat kuzatilmagani va bu holatni qoralashi haqida gapirgan. Keyinchalik kuzatuv kameralari tekshirilganda universitet tyutorlari rostdan ham talabalarni ilovani yuklashga majburlagani ma’lum bo‘lgan.

 

Shundan so‘ng universitet talabalari, xususan, sobiq talaba Asadbek Otanazarov ham bo‘shatilgan dekanni ortga qaytarilishini so‘rab murojaat qilgan.

 

Dekanda ayb yoʻq. Ayb «Xavfsiz talaba» ilovasini oʻrnattirish topshirigʻini bergan universitetdan yuqori turuvchi organ, vazirlik, agentlik, boshqarma, hokimlik va hokazolarda.

 

Qolaversa, u inson universitetning eng yaxshi kadrlaridan biri. Fakultetdagi, universitetdagi taʼlim sifatiga oʻz hissasini qoʻsha olgan inson. Ulugʻbek Yoʻldoshev nafaqat dekan, balki Ustoz hamdir. U rahbarlik lavozimida ishlash barobarida ilm yoʻlida ham sobit qadamdir, – deydi u Talimxabarlari.uz muxbiriga.

 

Shuningdek, Taʼlim va ilm-fan vazirligi mazkur masala yuzasidan munosabat bildirib, holatni nazoratga olgani va o‘rganish ishlari boshlangani haqida ma’lum qilgan edi.

 

Zarbdor tumani hokimi ishdan olindi

 

30-oktyabr kuni Jizzaxning Zarbdor tumanida bog‘cha mudirasi o‘ldirilgani, qotillikda uning eri ayblanayotgani ma’lum qilingan edi. Voqeaga ko‘ra, Jizzax viloyati Zarbdor tumanidagi Yangi hayot mahallasida yashagan F. ismli ayol o‘ldirilgan. marhuma maktabgacha ta’lim tashkiloti mudirasi bo‘lib ishlagan va ikki nafar farzandi bo‘lgan.

 

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov holat yuzasidan Zarbdor tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgan.

 

Ushbu holatdan so‘ng tuman hokimi ishdan olingani aytilmoqda.

 

Daryo.uz‘ga ko‘ra, Zarbdor tumani hokimi Bekzod Toshpo‘latov lavozimidan ozod etilgan. Mazkur qaror tumandagi bog‘chalardan biri mudirasining o‘ldirilishi ortidan qabul qilingan.