Ayrim oliy ta’lim muassasalarida “Xavfsiz talaba” ilovasini o‘rnatmagan talabalar darslarga kiritilmayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Ta’lim va ilm-fan vazirligi holatni nazoratga olganini ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va boshqa oliy ta’lim tashkilotlarida talabalardan “Xavfsiz talaba” ilovasini o‘rnatish talab qilinayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Talabalarning aytishicha, joriy yil 3-noyabr kuni ayrim talabalar universitetga kirish joyida to‘xtatilib, ilovani o‘rnatishga majburlangan. Shu sabab darslarga kechikkan talabalarga davomatda “NB” qo‘yilgan.
Shuningdek, talabalar dars jarayonida dekan, dekan o‘rinbosari va tyutorlar auditoriyaga kirib, ilovani o‘rnatmagan talabalarni o‘rnatishga undagani, rad etganlarga tanbeh berilganini bildirishgan.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari esa bir necha haftadan buyon noma’lum APK ilovasini o‘rnatish talab qilinayotganini ma’lum qilgan. Toshkent davlat yuridik universitetida ham talabalardan “Xavfsiz talaba” ilovasini o‘rnatish so‘ralayotgani haqida xabarlar tarqalgan.
Ta’lim va ilm-fan vazirligi mazkur holatlar yuzasidan munosabat bildirib, masala nazoratga olinganini ma’lum qildi. Vazirlik rahbariyati vaziyatni tezkor o‘rganish bo‘yicha ko‘rsatma bergan. Ayni paytda ishchi guruh holatni o‘rganishni boshlagan.
Agar sizda shu va shunga oʻxshash muammolar boʻlayotgan boʻlsa @talimxabarlariga_bot yozib qoldiring.
