Ertaga 4-noyabr, chorshanba kunidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari uchun kuzgi ta’til boshlanadi. Olti kun davom etadigan ta’tildan so‘ng o‘quvchilar 10-noyabr, seshanba kuni ikkinchi chorak darslariga qaytadi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 140-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida kuzgi ta’til 4-noyabrdan boshlanib, olti kalendar kun davom etadi.
Shunga ko‘ra, o‘quvchilar 4–9-noyabr kunlari dam oladi. 10-noyabr, seshanba kunidan esa ikkinchi chorak darslari boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, bugun maktablarda birinchi chorakning so‘nggi o‘quv kuni hisoblanadi.
Bu davrda farzandlari bilan koʻproq vaqt oʻtkazmoqchi boʻlgan ota-onalar qoʻshimcha taʼtil olishi mumkin. Mehnat kodeksining 401 va 402-moddalariga koʻra, har yili qoʻshimcha taʼtil olish huquqiga ega:
- 12 yoshga toʻlmagan ikki va undan ortiq farzandi bor ota-onalardan biri;
- 16 yoshga toʻlmagan nogironligi boʻlgan farzandi bor ota-onalardan biri yoki ota-ona oʻrnini bosuvchi shaxs.
Ularga har yili kamida 4 kalendar kun haq toʻlanadigan qoʻshimcha taʼtil beriladi.
