KIUT’da AQSH universiteti bilan hamkorlikda talabalar va pedagoglar uchun maxsus dasturlar yo‘lga qo‘yilishi mumkin

KIUT’da AQSH universiteti bilan hamkorlikda talabalar va pedagoglar uchun maxsus dasturlar yo‘lga qo‘yilishi mumkin

Toshkent Kimyo xalqaro universiteti (KIUT) AQSHning Syracuse University bilan hamkorlikda talabalar, professor-o‘qituvchilar va maktab o‘quvchilari uchun maxsus ta’lim dasturlarini tashkil etish imkoniyatlarini muhokama qildi.

 

2026-yil 29-oktyabr kuni AQSHda Toshkent Kimyo xalqaro universiteti (KIUT) va Syracuse University vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

 

Unda qo‘shma ta’lim dasturlarini tashkil etish, xalqaro malaka oshirish imkoniyatlarini yaratish hamda Amerika ta’lim tajribasini O‘zbekistonda qo‘llash masalalari muhokama qilindi.

 

KIUT'da AQSH universiteti bilan hamkorlikda talabalar va pedagoglar uchun maxsus dasturlar yo‘lga qo‘yilishi mumkin

 

Uchrashuvda hamkorlikni nafaqat oliy ta’lim, balki maktab ta’limi va pedagoglarning kasbiy rivojlanishi yo‘nalishlarida ham yo‘lga qo‘yish masalasi ko‘rib chiqildi.

 

Muzokaralar davomida to‘rtta asosiy yo‘nalish belgilab olindi:

 

  • Intensive English — o‘quvchilar, talabalar va pedagoglarning ingliz tilida muloqot qilish, akademik yozuv va taqdimot tayyorlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan intensiv kurslar;
  • Professional Development — pedagoglar uchun zamonaviy o‘qitish metodikalari, raqamli ta’lim texnologiyalari, xalqaro ta’lim standartlari va akademik ingliz tili bo‘yicha malaka oshirish dasturlari;
  • Academic Skills — tanqidiy fikrlash, ilmiy tadqiqot, akademik yozuv va xalqaro auditoriya oldida taqdimot qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish;
  • International Educational Experience — AQSH universitetlarining akademik muhiti, o‘qitish uslublari va ta’lim texnologiyalari bilan tanishish.

 

Mazkur dasturlarga KIUT talabalari va professor-o‘qituvchilari, shuningdek, Vosiq xalqaro maktabi o‘quvchilari hamda pedagoglarini jalb qilish rejalashtirilmoqda.

 

KIUT'da AQSH universiteti bilan hamkorlikda talabalar va pedagoglar uchun maxsus dasturlar yo‘lga qo‘yilishi mumkin

 

Ma’lumot uchun, Syracuse University 1870-yilda tashkil etilgan bo‘lib, AQSHning Nyu-York shtatida joylashgan xususiy tadqiqot universiteti hisoblanadi.

 

Uning taniqli bitiruvchilari orasida AQSHning 46-prezidenti Jo Bayden ham bor. U 1968-yilda universitetning huquqshunoslik fakultetini tamomlagan va Juris Doctor (J.D.) darajasini olgan.

 

Hozirda ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda.

 

Eslatib o‘tamiz, Toshkent Kimyo xalqaro universiteti Janubiy Koreya va boshqa bir qator davlatlardagi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilib, talabalar uchun qo‘shma ta’lim, transfer va almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘ygan.