Fransiya hukumati talabalar namoyishidan so‘ng ta’lim tizimini o‘zgartirishini ma’lum qildi

Fransiya hukumati talabalar namoyishidan so‘ng ta’lim tizimini o‘zgartirishini ma’lum qildi

Fransiya hukumati mamlakatda bir necha haftadan beri davom etayotgan o‘quvchi va talabalar noroziliklaridan keyin ta’lim tizimini isloh qilish bo‘yicha yangi choralarni e’lon qildi.

 

Fransiyada sentabr oyining o‘rtalaridan boshlangan norozilik namoyishlarida o‘quvchilar va talabalar ta’lim sharoitlarini yaxshilash, universitetlarga kirish imkoniyatlarini kengaytirish hamda yashash xarajatlari bilan bog‘liq muammolarni hal etishni talab qilmoqda.

 

Namoyishchilar, xususan, universitetlarga qabul jarayonidagi tanlov mezonlari yetarlicha shaffof emasligi va ayrim yo‘nalishlarda o‘qish uchun joylar yetishmasligidan norozi.

 

Shu munosabat bilan Fransiya ta’lim vaziri Eduar Jefre va oliy ta’lim vaziri Filipp Baptiste hukumatning yangi islohotlar rejasini taqdim etdi.

 

Universitetlarga qabul tizimi o‘zgartiriladi

 

Islohotlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri universitetlarga hujjat topshirish uchun foydalaniladigan “Parcoursup” platformasini almashtirish hisoblanadi.

 

Rejaga ko‘ra, 2027-yilgi qabul kampaniyasidan boshlab universitetlar abituriyentlarni tanlash mezonlarini ochiq e’lon qilishi va rad etilgan arizalar bo‘yicha tushuntirish berishi kerak bo‘ladi. Yangi tizimni ishlab chiqishda o‘quvchilar va o‘qituvchilar ham ishtirok etadi.

 

Oliy ta’limda 15 mingta yangi o‘rin yaratiladi

 

Hukumat 2027–2028-yillar davomida oliy ta’lim muassasalarida jami 15 mingta qo‘shimcha o‘rin ochishni rejalashtirmoqda.

 

Jumladan:

  • 10 mingta qo‘shimcha o‘rin oliy kasbiy ta’lim yo‘nalishlarida (BTS) 2027-yildan tashkil etiladi;
  • 4 mingta o‘rin texnologik bakalavriat (BUT) dasturlariga ajratiladi;
  • 1 mingta o‘rin tibbiyot yo‘nalishiga tayyorlov dasturlarida yaratiladi.

 

Qo‘shimcha o‘rinlarning katta qismi, ayniqsa, talab yuqori bo‘lgan Parij va uning atrofidagi hududlarga yo‘naltiriladi.

 

Maktablarda sinflar soni ham cheklanadi

 

Hukumat maktablarda ham o‘quv sharoitlarini yaxshilashni rejalashtirgan.

 

2027-o‘quv yilidan boshlab ayrim maktablarning 10-sinflarida o‘quvchilar soni 28 nafardan oshmasligi belgilangan. Dastlab bu talab ijtimoiy jihatdan kam ta’minlangan hududlardagi maktablarning yarmida joriy etiladi. 2028-yildan esa barcha maktablarga tatbiq etilishi ko‘zda tutilgan.

 

Bundan tashqari, hukumat:

  • 2027-yilda 500 ta qo‘shimcha o‘qituvchi shtatini yaratish;
  • maktablarni ta’mirlash uchun 4 milliard yevrolik imtiyozli kredit mablag‘larini ajratish;
  • universitet kampuslarini rivojlantirish uchun 1 milliard yevro investitsiya yo‘naltirish;
  • talabalar stipendiyalarini 2027-yildan boshlab inflyatsiyaga mos ravishda oshirishni rejalashtirmoqda.

 

Shuningdek, o‘quvchilarning ruhiy salomatligini qo‘llab-quvvatlash uchun 2027-yildan 500 ta qo‘shimcha psixolog, hamshira va ijtimoiy xodim shtati tashkil etilishi kutilmoqda.

 

Talabalar hukumat takliflarini yetarli deb hisoblamayapti

 

Hukumat tomonidan e’lon qilingan choralar ayrim talabalar tashkilotlari tomonidan ijobiy qabul qilingan bo‘lsa-da, norozilik namoyishlari to‘xtagani yo‘q.

 

Namoyishchilar universitetlarda qo‘shimcha 15 mingta o‘rin yaratish taklifini yetarli emas deb hisoblamoqda. Ular 250 mingta yangi o‘rin ochish, ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash va universitetlarga qabul tizimini tubdan o‘zgartirishni talab qilmoqda.

 

Reuters agentligining 2-noyabrdagi xabariga ko‘ra, maktablar qayta ochilganidan keyin ham norozilik namoyishlari davom etgan. Fransiya Ta’lim vazirligi ma’lumotida 41 ta maktabda o‘quv jarayoniga to‘sqinlik qilingan yoki ularni to‘sish urinishlari kuzatilgan.

 

Avvalroq, Fransiyada maktabda otishma yuz bergani haqida xabar bergan edik.