Davlat oliy ta’lim muassasalarining kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotgan, yotoqxona bilan ta’minlanmagan talabalariga ijara to‘lovining bir qismi qoplab beriladi. Buning uchun har oyning 7-sanasiga qadar onlayn ariza topshirish kerak.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-sentyabrdagi 605-son qaroriga ko‘ra, davlat oliy ta’lim tashkilotlarida kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan va turar joy bilan qamrab olinmagan talabalarga ijara to‘lovining bir qismi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.
Kompensatsiya miqdori Toshkent shahrida BHMning bir baravari (440 ming so‘m), boshqa hududlarda esa yarim baravarini (220 ming so‘m) tashkil etadi.
Kimlar kompensatsiya olishi mumkin?
Ushbu yordam davlat oliy ta’lim muassasalarining kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan O‘zbekiston fuqarolari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga beriladi. Bunda talabaning grant yoki to‘lov-kontrakt asosida o‘qishi ahamiyatga ega emas.
Kompensatsiya olish uchun talaba:
- talabalar turar joyi bilan ta’minlanmagan bo‘lishi;
- o‘ziga yoki ota-onasiga tegishli bo‘lmagan xonadonda ijarada yashashi;
- doimiy ro‘yxatda turgan joyidan boshqa hududdagi oliy ta’lim muassasasida tahsil olayotgan bo‘lishi kerak.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda namunali va faol talabalarga kompensatsiya birinchi navbatda to‘lab beriladi.
Sirtqi, kechki va masofaviy ta’lim shaklida tahsil olayotganlar, shuningdek, nodavlat va xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamda qo‘shma ta’lim dasturlari talabalari ushbu kompensatsiyani ololmaydi.
Ariza qanday topshiriladi?
Talabalar arizalarni har oyning 7-sanasiga qadar quyidagi tartibda yuborishi mumkin:
- kontrakt.edu.uz axborot tizimi yoki my.gov.uz portali orqali shaxsiy kabinetga kirish;
- “Ijara to‘lovlari” bo‘limini tanlash;
- “Ariza yuborish” tugmasini bosish.
Ijara shartnomasi bo‘yicha talablar
Kompensatsiya tayinlanishi uchun ijara shartnomasi ijara.soliq.uz saytida hisobga qo‘yilgan bo‘lishi shart. Agar bitta xonadonda bir nechta talaba yashasa, ularning barchasi ijara shartnomasida ko‘rsatilishi kerak.
Birinchi kurslar uchun imtiyoz: faqat sentyabr va oktyabr oylari uchun ijara shartnomasi soʻralmasdan toʻlanadi, noyabrdan boshlab shartnoma majburiy.
Ma’lumot uchun, uy-joyini talabalarga ijaraga bergan fuqarolar ushbu faoliyatdan olgan daromadlari bo‘yicha daromad solig‘idan to‘liq ozod etilgan. Shu sababli uy-joyni ijaraga berishda shartnomani rasmiylashtirish uchun soliq to‘lashdan xavotirlanishga hojat yo‘q.
