“IELTS 9 olishni rejalashtiryapman” — 6-sinf o‘quvchisi B2 darajani qo‘lga kiritdi

“IELTS 9 olishni rejalashtiryapman” — 6-sinf o‘quvchisi B2 darajani qo‘lga kiritdi

Olmaliq shahridagi maktablardan birida 6-sinf o‘quvchisi chet tilini bilish darajasini aniqlash imtihonida B2 darajali sertifikatni qo‘lga kiritdi. Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan suhbatlashdi.

 

Toshkent viloyati Olmaliq shahridagi 2-umumta’lim maktabining 6-sinf o‘quvchisi Toyirxonova Madinaxon ingliz tilidan B2 darajasini tasdiqlovchi sertifikatga ega bo‘ldi.

 

Madinaxonning Talimxabarlari.uz sayti muxbiriga ma’lum qilishicha, u ingliz tilini o‘rganishni uch yil avval boshlagan. Shu vaqt davomida u muntazam shug‘ullanib, bilimini oshirib borgan.

 

To‘g‘risini aytsam, bu natijaga erishish oson bo‘lmadi. Ba’zan uxlamagan tunlarim ham bo‘ldi. Menga eng qiyin bo‘lgan qism writing edi. Ustozimning yordami bilan yozma ish namunalarini tahlil qildim, keyin o‘zim ham ko‘proq writing yozib mashq qildim. Shu orqali bu ko‘nikmamni yaxshiladim, — deydi u.

 

O‘quvchining aytishicha, imtihonning reading qismi nisbatan oson kechgan. Eng yoqtirgan bo‘limi esa speaking bo‘lgan. Chunki imtihonda aynan o‘zi oldindan tayyorlanib yurgan va qiziqqan savollariga duch kelgan.

 

Sertifikat olishga tayyorgarlik ko‘rish uchun esa kuniga 5–6 soat vaqt ajratgan. Bunda maktabdagi darslar va kundalik uy yumushlarini ham birgalikda olib borishiga to‘g‘ri kelgan.

 

Ikkalasini birga olib borish biroz qiyin bo‘ldi. Chunki uy ishlarim ham ko‘payib ketdi. Imtihon oldidan hayajon ham bo‘ldi, lekin yaqinlarimning dalda va ishonchi menga katta yordam berdi. Meni hamma qo‘llab-quvvatladi, — deydi u.

 

B2 darajasini qo‘lga kiritganini bilganida quvonch ko‘z yoshlari ham bo‘lgan. U o‘zidan faxrlangan, oila a’zolari ham uning yutug‘idan xursand bo‘lgan.

 

Yosh o‘quvchi erishilgan natija bilan cheklanib qolmoqchi emas. Uning navbatdagi maqsadi — IELTS imtihonidan 9 ball olish.

 

Kelajakda, nasib qilsa, IELTS’dan 9 ball olishni rejalashtiryapman. Hozir ham shu maqsad yo‘lida o‘qiyapman, — deydi u.

 

Madinaxonni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilaymiz!

 

Agar sizda ham shu kabi natijalar bo‘lsa @talimxabarlariga_bot orqali murojaat qilishingiz mumkin.

 

Avvalroq, qashqadaryolik 4-sinf oʻquvchisi ingliz tilidan B2 natijani qoʻlga kiritgani haqida xabar berilgandi.