Elektron jurnal eMaktab.uz tizimida 1-chorak baholari fanning haftalik dars soatiga qarab chiqariladi. Haftasiga 1 soatgacha o‘tiladigan fanlarga baho o‘rniga “OZ” belgisi qo‘yiladi.
Xorazm viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi eMaktab’da 1-chorak baholarini chiqarish tartibini tushuntirdi.
1-chorak baholari qanday hisoblanadi?
- dars soati haftasiga 1 soat yoki 0,5 soat bo‘lsa, choraklik baho o‘rniga “OZ” belgisi qo‘yiladi;
- dars soati haftasiga 1,5 soat va undan ko‘p bo‘lsa, choraklik bahoga baholarning o‘rtacha qiymati qo‘yiladi.
O‘rtacha qiymat quyidagicha baholanadi:
- 1,5–2,49 ball — 2;
- 2,5–3,49 ball — 3;
- 3,5–4,49 ball — 4;
- 4,5–5 ball — 5.
1-sinflar va darsga qatnashmaganlar
1-sinf o‘quvchilariga barcha fanlardan 1- va 2-chorak baholari chiqarilmaydi, ular uchun ham “OZ” belgisi qo‘yiladi.
Chet elga chiqib ketgan yoki darsga qatnashmagan o‘quvchilar uchun chorak baho ustuniga B/O yoki T/O belgisi qo‘yiladi.
