Musiqa madaniyati fani o‘qituvchilari uchun o‘tkazilgan attestatsiya sinovlarining mazmuni va murakkabligi yuzasidan bildirilgan e’tirozlarga rasmiy munosabat bildirildi. Markaz test topshiriqlari amaldagi o‘quv dasturi va tasdiqlangan spetsifikatsiya asosida tuzilganini ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda 30–31-oktyabr kunlari musiqa madaniyati fani o‘qituvchilari uchun o‘tkazilgan attestatsiya sinovlaridagi savollarning mazmuni va murakkabligi yuzasidan e’tirozlar bildirilgan.
Mazkur e’tirozlar yuzasidan Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi rasmiy munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentyabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq, attestatsiya ikki bosqichda tashkil etiladi.
Birinchi bosqichda pedagogning mutaxassislik fani va kasb standarti bo‘yicha bilimlari 40 ta test topshirig‘i orqali baholanadi. Ushbu bosqichda maksimal 40 ball to‘plash mumkin.
Ikkinchi bosqich — amaliy (ijodiy) imtihon Madaniyat vazirligi tomonidan o‘tkaziladi va maksimal 60 ball bilan baholanadi. Shu sababli test sinovida olingan ball yakuniy natija hisoblanmaydi.
Markaz test topshiriqlari amaldagi o‘quv dasturi va tasdiqlangan spetsifikatsiya asosida shakllantirilganini ma’lum qildi.
Savollarda musiqa savodxonligi, cholg‘ular, musiqa janrlari, bastakorlik va kompozitorlik ijodi, maqom, raqs, dirijorlik va xor san’ati bilan bir qatorda, intervallar, uchtovushliklar, dominantseptakkord, lad va tonalliklarga oid bilimlar ham qamrab olingan.
Shuningdek, test materiallari ikki marta aprobatsiyadan o‘tkazilgani, talabgorlarni topshiriqlar formati bilan tanishtirish uchun esa demotest.uzedu.uz platformasiga namunaviy testlar joylashtirilgani qayd etildi.
‘‘Test savollari darsliklardan aynan ko‘chirib olinmaydi. Ular tavsiya etilgan adabiyotlar va o‘quv dasturidagi bilimlarni tushunish, qo‘llash hamda tahlil qilish ko‘nikmalarini baholashga qaratilgan. Shu bois savolning darslikdagidan boshqacha shaklda berilishi uning dasturdan tashqarida ekanini anglatmaydi’’, — deyiladi munosabatda.
Muayyan savol, javob varianti yoki baholash natijasidan norozi bo‘lgan talabgorlarning e’tirozlari belgilangan apellyatsiya tartibida, tegishli topshiriq va javob kaliti asosida ko‘rib chiqilishi ta’kidlangan.
Eslatib o‘tamiz, pedagoglar attestatsiya natijasi yoki test savollari yuzasidan uch xil usulda apellyatsiya berishi mumkin.
