Namanganlik 11-sinf o‘quvchisi maktabdagi ta’limi bilan birga tadbirkorlikni ham yo‘lga qo‘ygan. U bugun 50 ming bosh tovuq parvarishlab, 10 nafar ishchini ish bilan ta’minlamoqda.
Namangan viloyati Namangan tumani 16-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Isaxonov Muhammadzohirxon maktabdagi ta’limini tadbirkorlik faoliyati bilan birga olib bormoqda. U otasining ko‘magida parrandachilikni yo‘lga qo‘ygan va bugungi kunda 50 ming bosh tovuq parvarishlamoqda.
Yosh tadbirkorning aytishicha, u dastlab 2024-yilda otasining yordami bilan bedana boqish fermasini ochgan. Ushbu faoliyatdan foyda olgach, parrandachilik biznesini kengaytirishga qaror qilgan. Keyinchalik tovuq fermasini ham tashkil etgan.
Ma’lum qilinishicha, hozirda uning xo‘jaligida 50 ming bosh tovuq bor. Ferma faoliyatida 10 nafar ishchi mehnat qiladi.
Muhammadzohirxon maktabda tushgacha tahsil oladi, darslardan so‘ng esa fermaga kelib, ish jarayonini shaxsan nazorat qiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ishchilar tushgacha fermadagi yumushlarni bajarib, xo‘jalik faoliyatini nazorat qilib turishadi.
Yosh tadbirkorning ta’kidlashicha, fermasining kunlik daromadi qariyb 30 million so‘mni tashkil etmoqda. U kelgusida biznesini yanada kengaytirish, daromadlarini jamg‘arib, kattaroq parrandachilik xo‘jaliklarini tashkil etishni rejalashtirgan.
O‘quvchining yana bir katta maqsadi — Garvard universitetida tahsil olish. U buning uchun hozirdanoq tayyorgarlikni boshlagan. Ingliz tilini o‘rganib, IELTS 7.5 ballik sertifikatni olgan.
Shuningdek, SAT imtihonidan 1380 ball to‘plagan. Kelgusida ushbu natijani yanada yaxshilab, Garvard kabi nufuzli xorijiy universitetlardan biriga o‘qishga kirishni maqsad qilgan.
Uning aytishicha, xorijda oladigan bilim va tajribasini kelajakda tadbirkorlik faoliyatiga tatbiq etib, biznesini yanada rivojlantirmoqchi.
Avvalroq, 13 yoshli o‘quvchi tarixiy shaxslar bilan muloqot qilish imkonini beruvchi AI platforma ishlab chiqqani haqida xabar berilgandi.
