Surxondaryodagi maktablardan birining direktori matematika o‘qituvchisini ishga qabul qilish va unga dars soatlari ajratish evaziga pul talab qilgan. U 4,5 mln so‘m olganlikda aybdor deb topilib, 2 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
“Daryo” tanishgan sud hujjatlariga ko‘ra, P.X. 2025-yil iyun oyida Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanidagi maktablardan biriga direktor etib tayinlangan. Uning vakolatiga xodimlarni ishga qabul qilish va o‘qituvchilarga dars soatlari ajratish ham kirgan.
2026-yil iyun oyida maktabda matematika o‘qituvchisi uchun bo‘sh ish o‘rni e’lon qilingan. Shundan so‘ng J.G‘. ismli fuqaro ishga joylashish masalasida direktorga murojaat qilgan.
Direktor unga maktabda bo‘sh dars soatlari borligini aytib, biroq ishga kirish uchun mehnat birjasidan yo‘llanma olish va tarifikatsiyadan o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar mavjudligini aytgan.
“Direktor mendan qancha pulim borligini so‘radi. Nima uchunligini so‘raganimda, ‘‘10 soat uchun 300 dollar desam, 3 million 600 ming so‘m bo‘ladi, 3 milliondan hisoblayver’’, dedi. Yonimda 500–600 ming so‘m borligini aytdim. Shunda 500 ming so‘mni va hujjatlarimni olib qoldi. Qolgan 4 million so‘mni ham tezroq olib kelishimni aytib, xayrlashdi”, — deya ko‘rsatuv bergan J.G‘.
Shundan so‘ng fuqaro Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining tuman bo‘limiga murojaat qilgan. Prokuratura va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan tezkor tadbirda direktor undan yana 4 mln so‘m olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Direktor Jinoyat kodeksining 210-moddasi 1-qismi bo‘yicha aybdor deb topilgan. U davlat ishtirokidagi tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan 2 yilga mahrum etilib, 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
Avvalroq, Qashqadaryoda maktab direktori fuqaroni ingliz tili fani o‘qituvchisi sifatida ishga qabul qilish evaziga 600 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan edi.
