Qashqadaryoda maktab direktori ishga kiritish evaziga 600 dollar pora oldi

Qashqadaryoda maktab direktori ishga kiritish evaziga 600 dollar pora oldi

Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida maktab direktori fuqaroni ingliz tili fani o‘qituvchisi sifatida ishga qabul qilish evaziga 600 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

 

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qarshi shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda G‘uzor tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori D.S. ushlandi.

 

Ma’lum qilinishicha, direktor fuqaro G.Sh.ni mazkur maktabga ingliz tili fani o‘qituvchisi sifatida ishga kiritish evaziga 600 AQSh dollari talab qilgan va ushbu pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

 

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qoraqalpogʻistonda ham ishga qabul qilish uchun pora talab qilgan bogʻcha direktori va oʻrinbosari ushlangan edi.