TDYUning Olmazor tumanida joylashgan 2-sonli talabalar yotoqxonasi auksionga chiqarildi. Obyekt undan foydalanayotgan davlat tashkilotlari universitetning Yangi Toshkentdagi yangi kampusiga ko‘chib o‘tganidan keyingina xaridorga topshiriladi.
Toshkent davlat yuridik universitetining Olmazor tumanidagi 2-sonli talabalar yotoqxonasi sotuvga qo‘yildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ma’lum qildi.
E-auksion platformasida e’lon qilingan lotga ko‘ra, obyekt Ziyo mahallasi, Talabalar ko‘chasi, 2-uy manzilida joylashgan. Bino va inshootlarning umumiy maydoni 8 972 kvadrat metrni, yer maydoni esa 1,02 gektarni tashkil qiladi.
Obyekt suv, gaz, elektr va kanalizatsiya tarmoqlariga ulangan.
Lotning boshlang‘ich narxi 195,66 mlrd so‘m, zakalat miqdori esa 5,87 mlrd so‘m etib belgilangan. Auksion 4-noyabr kuni soat 10:00 da o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Sotuv shartlariga ko‘ra, obyekt yangi egasiga darhol topshirilmaydi. Undan foydalanayotgan davlat tashkilotlari TDYUning Yangi Toshkentdagi yangi kampusiga ko‘chib o‘tganidan keyingina bino bo‘shatilib, xaridorga topshiriladi. Biroq e’londa binoni bo‘shatishning aniq muddati ko‘rsatilmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahridagi Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetining asosiy o‘quv binosi ham sotuvga qo‘yilgani haqida xabar bergan edik.
Bundan tashqari, ushbu universitetga qarashli talabalar turar joylari majmuasi ham savdoga chiqarilgan edi.
