Toshkent shahridagi Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetining asosiy o‘quv binosi sotuvga chiqarildi. Obyektning boshlang‘ich narxi 269,2 mlrd so‘m etib belgilangan. Savdolar 26-oktyabr kuni o‘tkaziladi.
Xabaringiz bor, joriy yilning iyun oyida Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetining Tabiiy fanlar va Filologiya fakultetlariga tegishli binolari auksionga chiqarilgani haqida xabar bergan edik.
O‘shanda ushbu obyektlarning boshlang‘ich narxlari mos ravishda 325,86 mlrd va 141,14 mlrd so‘m etib belgilangan edi.
Endilikda universitetning Chilonzor tumanida joylashgan asosiy o‘quv binosi ham qayta sotuvga qo‘yildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi.
E-auksion platformasida e’lon qilingan lotga ko‘ra, “Chilonzor” metro bekati yaqinida joylashgan to‘rt qavatli binoning umumiy maydoni 9 107 kvadrat metrni tashkil etadi. Obyektga 1,675 gektar yer maydoni biriktirilgan. Uning boshlang‘ich narxi 269,2 mlrd so‘m etib belgilangan.
Auksion 26-oktyabr kuni soat 10:00 da boshlanishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, universitetning eski kampusidagi yordamchi inshootlar ham alohida lot sifatida sotuvga chiqarilgan. Ular orasida uch qavatli oshxona, ikki qavatli kutubxona va sport maydonchasi bor.
Mazkur obyektlarning umumiy bino maydoni 1 818 kvadrat metr, yer maydoni esa 1,43 gektarni tashkil etadi. Lotning boshlang‘ich narxi 207,24 mlrd so‘m qilib belgilangan.
Shu tariqa, ushbu ikki lotning — asosiy o‘quv binosi va yordamchi inshootlarning — umumiy boshlang‘ich qiymati 476,44 mlrd so‘mni tashkil etadi. Savdo shartlariga ko‘ra, xaridorlar obyektlar negizida nodavlat ta’lim muassasasini tashkil etishi kerak.
Universitetning Yangi Toshkentga ko‘chirilishi munosabati bilan binolar xaridorlarga 2029-yil oxiridan kechiktirmay topshirilishi belgilangan.
Bundan tashqari, oldinroq ushbu universitetga qarashli talabalar turar joylari majmuasi ham savdoga chiqarilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti Nizomiy Ganjaviy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti deb qayta nomlandi.
