Dunyoda har yili 1 milliardga yaqin bola zo‘ravonlikka uchraydi — JSST

Dunyoda har yili 1 milliardga yaqin bola zo‘ravonlikka uchraydi — JSST

Dunyoda har yili qariyb 1 milliard bola zo‘ravonlikka duch keladi, har besh daqiqada esa bir bola zo‘ravonlik oqibatida halok bo‘ladi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) Sharqiy O‘rta Yer dengizi mintaqaviy byurosi ma’lum qildi.

 

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyo bo‘ylab 1 milliardga yaqin bola jismoniy, jinsiy yoki ruhiy zo‘ravonlikka duch keladi. Bu ularning jismoniy va ruhiy salomatligiga uzoq muddatli salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Tashkilot vakillari zo‘ravonlik oqibatidagi o‘lim va uning bolalarga yetkazadigan uzoq muddatli zararini oldini olish mumkinligini ta’kidlagan.

 

JSST mintaqaviy byurosi Pokistonda 2026–2031-yillarga mo‘ljallangan Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish milliy strategiyasi ishlab chiqilganiga ham e’tibor qaratdi. Strategiya mamlakatda yashovchi 120 million nafar bolani zo‘ravonlikdan himoya qilish va uning oldini olish choralarini kuchaytirishga qaratilgan. Hujjat 14-oktyabr kuni JSST va Pokiston Inson huquqlari vazirligi tomonidan birgalikda taqdim etilgan.

 

Strategiyada keltirilishicha, Pokistonda bolalarning qariyb 80 foizi tarbiya jarayonida zo‘ravonlik usullariga duch keladi. Internetdan foydalanuvchi 12–17 yoshli har 16 nafar o‘smirdan biri esa raqamli texnologiyalar orqali ekspluatatsiya yoki shafqatsiz munosabatga uchraydi.

 

Shuningdek, 8,6 million bola bolalar mehnatiga jalb qilingan. Besh yoshgacha bo‘lgan bolalarning 57 foizdan ortig‘i esa fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etuvchi organlarda ro‘yxatga olinmagan.

 

JSST ma’lumotiga ko‘ra, bolalarning ro‘yxatdan o‘tkazilmagani ularni zo‘ravonlikka nisbatan zaifroq holatga keltiradi hamda himoya va asosiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini cheklaydi.

 

Pokistonning bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish milliy strategiyasi har bir bolaning ijtimoiy yoki iqtisodiy holatidan qat’i nazar, zo‘ravonlikning oldini olish, himoya qilish, unga munosabat bildirish, tiklanish, jamiyatga qayta moslashish va odil sudlov tizimini mustahkamlashni ko‘zda tutadi.

 

Strategiya bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning turli shakllari, ularning ehtiyojlarini e’tiborsiz qoldirish va ekspluatatsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan. Ko‘chirilgan oilalar va migrantlar farzandlari kabi eng zaif guruhlardagi bolalar zo‘ravonlik, ekspluatatsiya, erta nikoh, odam savdosi va bolalar mehnatiga jalb etilish xavfiga ko‘proq duch keladi.

 

Pokistondagi JSST vakili Lo Dapeng mamlakat bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllariga barham berish borasidagi majburiyatlarini amalga oshirishda tashkilot ko‘magiga tayanishi mumkinligini bildirdi.

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga qaratilgan qonuniy o‘zgarishlar qabul qilingani haqida xabar bergan edik. Unga ko‘ra, 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan ayrim og‘ir jinsiy jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga 25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.