Samarqandda texnikum o‘quvchilari YPX xodimining to‘xtash haqidagi qonuniy talabiga bo‘ysunmagan va uni haqorat qilgan. Holat bo‘yicha to‘plangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilish uchun prokuraturaga yuborilgan.
Samarqand viloyati Ishtixon tumanida yo‘l-patrul xizmati (YPX) xodimining qonuniy talabiga bo‘ysunmagan va uni haqorat qilgan texnikum o‘quvchilari aniqlandi. Bu haqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi (YHXB) xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, o‘quvchilar ijaraga olingan Malibu-2 avtomobilida tuman ko‘chalarida harakatlanib, YPX xodimining to‘xtash talabiga bo‘ysunmagan. Shuningdek, ular xodimni haqorat qilgan va uni obro‘sizlantiruvchi videolarni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan.
Boshqarma tomonidan e’lon qilingan videoda o‘quvchilardan biri avtomobilni 1,2 mln so‘mga ijaraga olganini va YPX xodimining to‘xtash talabiga bo‘ysunmaganini aytgan. Yana bir o‘quvchi esa xodimlarning talabiga bo‘ysunmay, voqea joyidan qochib ketganini hamda ularni haqorat qilganini bildirgan.
O‘rganishlar natijasida qoidabuzarlik sodir etgan shaxslar Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 2-sonli texnikum o‘quvchilari ekani aniqlangan. Holat ular tahsil olayotgan ta’lim muassasasida tanqidiy muhokama qilingan.
Mazkur holat yuzasidan Ishtixon tumani ichki ishlar bo‘limi tomonidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, to‘plangan materiallar qonuniy qaror qabul qilish uchun prokuratura organlariga yuborilgan.
Avvalroq, Namanganda oʻquvchilarga nisbatan talonchilik qilgan texnikum oʻquvchilari aniqlangani haqida xabar berilgandi.
