Nizomiy universitetining ikkita o‘quv korpusi auksionga chiqarildi

Nizomiy universitetining ikkita o‘quv korpusi auksionga chiqarildi

Nizomiy nomidagi Milliy pedagogika universitetining Toshkent shahrida joylashgan ikkita o‘quv binosi elektron savdoga chiqarildi. Obyektlar negizida nodavlat ta’lim muassasasini tashkil etish sharti bilan auksion 20-iyul kuni boshlanadi.

 

Toshkent shahridagi Nizomiy nomidagi Milliy pedagogika universitetiga tegishli ikkita o‘quv binosi E-auksion elektron savdo platformasida sotuvga chiqarildi. Lotlar Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan e’lon qilindi.

 

Savdoga qo‘yilgan birinchi obyekt Chilonzor tumani, Qatortol 2-tor ko‘chasi, 5A manzilida joylashgan Tabiiy fanlar fakulteti binosi hisoblanadi. Obyekt 2,24 gektar yer maydonini egallagan bo‘lib, bino va inshootlarning umumiy maydoni 6 224 kvadrat metrni tashkil etadi.

 

Nizomiy universitetining ikkita o‘quv korpusi auksionga chiqarildi

Mazkur lotning boshlang‘ich narxi 325,86 milliard so‘m, ishtirok etish uchun garov puli esa 9,77 milliard so‘m (obyekt qiymatining 3 foizi) etib belgilangan.

 

Savdo shartlariga ko‘ra, bino 2027-yil 31-dekabrgacha bo‘shatilishi lozim. Biroq bu muddat universitetning Yangi Toshkentdagi kampusi foydalanishga topshirilish vaqtiga qarab o‘zgarishi mumkin.

 

Nizomiy universitetining ikkita o‘quv korpusi auksionga chiqarildi

Shuningdek, xaridor obyekt negizida amaldagi shaharsozlik talablariga muvofiq nodavlat ta’lim muassasasini tashkil etishi va ushbu faoliyatni saqlab qolishi shart.

 

Auksionga qo‘yilgan ikkinchi obyekt Yakkasaroy tumani, Shota Rustaveli ko‘chasi, 105-uy manzilidagi Filologiya fakulteti binosidir. Uning boshlang‘ich narxi 141,14 milliard so‘m etib belgilangan.

 

Nizomiy universitetining ikkita o‘quv korpusi auksionga chiqarildi

0,52 gektar maydonda joylashgan ushbu to‘rt qavatli binoning umumiy maydoni 8 232 kvadrat metrni tashkil etadi.

 

Mazkur obyekt bo‘yicha ham xaridor nodavlat ta’lim muassasasini tashkil etish majburiyatini oladi. Binoni bo‘shatish muddati ham 2027-yil 31-dekabr etib belgilangan bo‘lib, bu jarayon Yangi Toshkentdagi kampusning foydalanishga topshirilish muddatiga bog‘liq.

 

Har ikkala obyekt barcha zarur muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulangan. Lotlar bo‘yicha elektron savdolar 20-iyul kuni boshlanishi rejalashtirilgan.

 

Avvalroq, Nizomiy universitetining talabalar turar joylari sotuvga chiqarilgani haqida xabar bergan  edik.