Nizomiy universitetining talabalar turar joylari sotuvga chiqarildi

Nizomiy universitetining talabalar turar joylari sotuvga chiqarildi

Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universitetiga qarashli talabalar turar joylari majmuasi savdoga chiqarildi. Boshlang‘ich bahosi 272,3 milliard so‘m etib belgilangan obyektni sotishdan tushadigan mablag‘lar Yangi Toshkentda universitetning yangi kampuslarini qurishga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

 

Toshkent shahri Muqimiy ko‘chasida joylashgan Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universitetining bir nechta talabalar turar joylari xususiylashtirish uchun savdoga qo‘yildi.

 

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, savdoga chiqarilgan majmua universitetning 5, 7, 8 va 9-sonli talabalar turar joylari hamda yordamchi binolarini o‘z ichiga oladi. Umumiy maydoni qariyb 16 ming kvadrat metrni tashkil etuvchi obyekt 1 gektarga yaqin hududda joylashgan.

 

Nizomiy universitetining talabalar turar joylari sotuvga chiqarildi

 

Obyekt Prezidentning 2025-yil 21-apreldagi PF–70-sonli farmoniga asosan xususiylashtirilmoqda. Hujjatga ko‘ra, sotuvdan tushadigan mablag‘lar baholash va savdo bilan bog‘liq xarajatlar chegirib tashlanganidan so‘ng, Yangi Toshkent shahrida universitet uchun zamonaviy kampuslar qurilishiga yo‘naltiriladi.

 

Nizomiy universitetining talabalar turar joylari sotuvga chiqarildi

 

 

Lotning boshlang‘ich qiymati 272,3 milliard so‘m etib belgilangan. Ushbu summaning 275,6 million so‘mi hududdagi ko‘p yillik daraxtlar qiymatiga to‘g‘ri keladi.

 

Savdo shartlariga muvofiq, investor mazkur hududda shaharsozlik talablari asosida nodavlat ta’lim muassasasi tashkil etishi va ta’lim faoliyati yo‘nalishini saqlab qolishi lozim. Shuningdek, xaridor obyektni 2027-yil 31-dekabrgacha bo‘shatib berish majburiyatini oladi. Biroq Yangi Toshkentdagi yangi kampuslar foydalanishga topshirilish muddatiga qarab, obyekt investor ixtiyoriga oldinroq yoki kechroq topshirilishi mumkin.

 

Eslatib o‘tamiz, mazkur farmon bilan Chilonzor tumanidagi 10-sonli talabalar yotoqxonasi hamda Toshkent tumanida joylashgan “Kensoy o‘quv va talabalar turar joyi” majmuasini ham ommaviy savdolarga chiqarish nazarda tutilgan.