Ta’lim va ilm-fan vaziriga yana uch nafar o‘rinbosar tayinlandi

Ta’lim va ilm-fan vaziriga yana uch nafar o‘rinbosar tayinlandi

Ta’lim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimovning yana uch nafar o‘rinbosari tayinlandi. Oybek Yo‘ldoshev vazirning birinchi o‘rinbosari, Mehriniso Pardayeva va Sanjar Mirzaliyev esa vazir o‘rinbosarlari lavozimlarini egalladi.

 

Xabaringiz bor, joriy yilning 3-oktyabr kuni Prezident farmoni bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi yagona Ta’lim va ilm-fan vazirligi sifatida qayta tashkil etildi.

 

Ushbu yangi vazirlikka Erkinjon Turdimov vazir etib tayinlandi.

 

Shuningdek, vazirlik qayta tashkil etilganidan so‘ng Ilxom Toxirovich Siradjev ta’lim va ilm-fan vazirining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangan edi.

 

Bugun, 20-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarorlariga muvofiq, Ta’lim va ilm-fan vazirining boshqa o‘rinbosarlari ham tayinlandi.

 

Yo‘ldoshev Oybek Behzodovich Ta’lim va ilm-fan vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. U tayinlovga qadar “PwC Uzbekistan” kompaniyasining davlat sektori, infratuzilma va ESG bo‘yicha konsalting amaliyoti direktori sifatida faoliyat yuritgan.

 

Pardayeva Mehriniso Doniyorovna Ta’lim va ilm-fan vaziri o‘rinbosari lavozimini egalladi. U bunga qadar Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi boshqarma boshlig‘i bo‘lib ishlagan.

 

Mirzaliyev Sanjar Mahamatjan o‘g‘li ham vazir o‘rinbosari etib tayinlandi. Tayinlovga qadar u Belarus–O‘zbekiston qo‘shma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar institutining ijrochi direktori sifatida faoliyat yuritgan.

 

Oybek Yo‘ldoshev

 

Oybek Behzodovich Yo‘ldoshev Toshkent shahrida tugʻilgan. U dastlab Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida  tahsil olgan.

 

2003-yilda Buyuk Britaniyadagi Lids universiteti Biznes maktabida iqtisodiyot yo‘nalishi bo‘yicha magistraturani tamomlab, Toshkentdagi Vestminster universitetida o‘qituvchi sifatida ish boshlagan.

 

2012-yilda esa Milanda iqtisodiyot bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.

 

Sanjar Mirzaliyev

 

Sanjar Mirzaliyev 1990-yil Andijon viloyatida tugʻilgan. Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetini tamomlagan. Shuningdek, Erbana-Shempeyn Illinoys universitetida (UIUC, AQSH) magistratura bosqichida tahsil olgan. Texnika fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD), dotsent.

 

Mehnat faoliyati davomida Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti, “Oʻzagrotexsanoatholding” hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida turli masʼul lavozimlarda, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti Oʻquv-uslubiy boshqarmasi boshligʻi lavozimida ishlab kelgan.

 

2026-yil 14-may kuni Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga koʻra, Mirzaliyev Sanjar Mahamadjon oʻgʻli Toshkent shahridagi Belarus–Oʻzbekiston qoʻshma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar institutining ijrochi direktori etib tayinlangan.

 

Mehriniso Pardayeva

 

Mehriniso Pardayeva 1972-yilda Navoiy viloyatida tugʻilgan. Navoiy shahridagi Navoiy davlat pedagogika instituti Matematika va umumtexnika fanlari fakultetida tahsil olgan.

 

Shuningdek, Mehriniso Pardayeva mehnat faoliyati davomida Navoiy viloyati Xalq taʼlim boshqarmasi boshligʻi, Respublika taʼlim markazi direktor oʻrinbosari, Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy institutida prorektor lavozimlarida ishlab kelgan.

 

Bugunga qadar Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazida Taʼlimni pedagogik-psixologik qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻi lavozimida faoliyat yuritgan.